Dunyo

Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel davlatga xiyonatda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi.

Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel davlatga xiyonatda gumon qilinmoqda

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) va Bosh prokuror ofisi prezident Volodimir Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Yuliya Mendel jinoyatda gumon qilinayotgani haqida xabar berdi. UXX matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Mendel Ukrainaga qarshi axborot-qo‘poruvchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Shu munosabat bilan huquq-tartibot idoralari unga nisbatan Ukraina Jinoyat kodeksining birdaniga ikkita moddasi bo‘yicha gumon e’lon qildi: 111-moddaning 2-qismi (harbiy holat sharoitida sodir etilgan davlatga xiyonat); 436-2-moddaning 2 va 3-qismlari (Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini oqlash, qonuniy deb tan olish, inkor etish hamda uning ishtirokchilarini ulug‘lash).

UXX xabariga ko‘ra, Mendel o‘zining ommaviy chiqishlarida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilgan postlarida Ukrainani xalqaro maydonda obro‘sizlantirmoqda. Shuningdek, u Rossiya rejimini Ukrainaga qarshi boshlagan urushi uchun oqlamoqda.

Mendel Ukraina hududidan tashqarida bo‘lgani sababli, hozir uni javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda. Tergov harakatlari Bosh prokuror ofisi protsessual rahbarligi ostida UXX Bosh tergov boshqarmasi tergovchilari tomonidan olib borilmoqda.

Avvalroq Mendel Ukraina va prezident Volodimir Zelenskiy sha’niga bir qator tanqidiy fikrlar bildirgan edi. Xususan, joriy yilning may oyida u Taker Karlsonga intervyu berib, unda Rossiya targ‘ibotiga xos bo‘lgan bir qator da’volarni ilgari surgan.

2026-yil avgust oyida esa Mendel Fransiyaning Le Journal nashriga intervyu berib, unda Ukraina prezidentini go‘yoki «urushdan eng katta manfaat ko‘rayotgan shaxs» deb atagan. Shuningdek, u Zelenskiyni avtoritarizmda va korrupsiya muammolariga ko‘z yumishda ayblagan.

Sentabr oyida Ukraina prezidenti Mendelga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Davlat rahbari Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi tomonidan tasdiqlangan shaxsiy cheklovlar paketini imzoladi. Ushbu ro‘yxatga yolg‘on axborot va targ‘ibot tarqatayotgan hamda Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qo‘llab-quvvatlayotgan jami 10 nafar Rossiya va Ukraina fuqarosi kiritilgan. Ular orasida Yuliya Mendel ham bor edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.