Zarafshon chegaralari Tomdi tumani yerlari hisobiga kengaytiriladi

Zarafshon chegaralari Tamdi tumani yerlari hisobiga kengaytiriladi
Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tamdi tumani maʼmuriy chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi.
Parlament yuqori palatasining qarori bilan Tamdi tumanining 2 459 gektar yer maydonini Zarafshon tarkibiga oʻtkazish nazarda tutilgan. Ushbu qaror shaharni kompleks rivojlantirish, uning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish va yangi ish oʻrinlari yaratishga qaratilgan.
Qoʻshib berilayotgan hududlarda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha obʼyektini qurish, shuningdek, 500 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini ochish rejalashtirilgan.
Chegaralarning kengaytirilishi Zarafshonning uy-joy fondiga boʻlgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkonini beradi. Yangi yerlarda turar joy massivlari barpo etiladi, suv va elektr taʼminoti, kanalizatsiya tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllari yotqiziladi.
Senatorlar hududlarning integratsiyalashuvi rejali yondashuvni talab qilishini va bu faqat maʼmuriy oʻzgarishlar bilan cheklanib qolmay, aholi uchun toʻlaqonli ijtimoiy va transport muhitini yaratishni taʼminlashi kerakligini taʼkidladilar.
Muhokama yakunlari boʻyicha Senat tegishli qarorni qabul qildi.

