Toshkent chegaralarini kengaytirmoqda
Oʻzbekiston va Serbiya bir-biri uchun nimasi bilan muhimligi, prezident Mirziyoyevning «yoʻlbars koʻzi» va yangi geosiyosiy voqelikdagi muvozanat tizimi haqida

Toshkent chegaralarni kengaytirmoqda
7–8 sentyabr kunlari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiyaga rasmiy tashrif buyurdi. Oʻzbekiston mustaqilligining barcha 35 yili davomida bu davlatimiz rahbarining ushbu Bolqon mamlakatiga ilk tashrifi boʻldi va shu boisdan ham ushbu voqeani tarixiy deb atash mumkin.
Davlat rahbari Aleksandr Vuchich bilan muzokaralar yakunida tomonlar Strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma deklaratsiyani, shuningdek, energetika, mehnat migratsiyasi, xalqaro tashishlar, qishloq va suv xoʻjaligi, farmatsevtika hamda raqamlashtirish sohalarida hamkorlikka oid 20 ta hujjatdan iborat paketni imzoladilar.
Belgrad koʻchalaridan biriga «Toshkent» nomi berildi — bu serb tomoni munosabatlarning yangi, strategik darajasini taʼkidlagan ramziy ishora boʻldi.
Va eng muhimi, Shavkat Mirziyoyev Serbiyaning oliy davlat mukofoti — Katta zanjirdagi Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlandi.
Rasman ushbu mamlakat 2012 yildan buyon Yevropa Ittifoqiga aʼzolikka nomzod maqomiga ega va Vuchich muddatlar doimiy ravishda surilib kelayotgan boʻlsa-da, Serbiyani Ittifoq tarkibida koʻrishini bir necha bor taʼkidlagan. Shu bilan birga, Belgrad koʻp yillardan buyon Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qoʻshilishdan bosh tortib, Moskva bilan energetik va tarixiy sheriklikni saqlab kelmoqda va ayni paytda Xitoy bilan, Vuchichning iborasi bilan aytganda, metallurgiyaga investitsiyalardan tortib qoʻshma infratuzilma loyihalarigacha boʻlgan «istisnoiy» munosabatlarni qurmoqda.
Serbiya — hozirgi geosiyosiy sharoitda bunday murakkab muvozanatni saqlab qolishga muvaffaq boʻlayotgan kam sonli davlatlardan biridir. U Rossiya bilan ishchi aloqalarni saqlab qolmoqda, Xitoy bilan loyihalarni koʻpaytirmoqda va Vashington bilan muloqotni yopmayapti. Bunday koʻpvektorlilik Belgradga harakat qilish uchun keng imkoniyat beradi.
Turli yoʻnalishlardan kiritilayotgan investitsiyalar tufayli mamlakat iqtisodiyoti oʻsmoqda, siyosati esa pragmatik boʻlib qolmoqda. Mohiyatan, bu Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda qurayotgan oʻsha koʻpvektorlilik tamoyilining oʻzidir.
Serbiya — Markaziy va Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarini dengiz yoʻnalishlarini chetlab oʻtib, Turkiya, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bilan bogʻlaydigan muhim boʻgʻindir.
Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan va geografik jihatdan qitʼa markazida joylashgan Oʻzbekiston uchun xaritadagi har bir bunday nuqta shunchaki navbatdagi doʻst mamlakat emas, balki tizimli ravishda shakllantirilayotgan logistika va siyosiy arxitekturaning elementidir.
Biz uchun Serbiya — chekkadagi Bolqon mamlakati emas, balki «Oʻrta koridor» deb ataluvchi zanjirning yetishmayotgan boʻgʻinidir. Belgradning ushbu logistikaga jalb etilishi oʻzbek tovarlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga yetkazib berish vaqti va narxini toʻgʻridan-toʻgʻri qisqartiradi. Bu esa, oddiy til bilan aytganda, mahsulotlarimiz tannarxining pasayishini, uning raqobatbardoshligi va olinadigan foydaning oshishini anglatadi.
Aleksandr Vuchich, ehtimol, tashrif davomida yangragan eng yorqin fikrni aytdi: «Oʻzbekistonda «yoʻlbars nigohi»ga ega prezident bor. Bu muvaffaqiyatni istaydigan, oʻz millatining har bir qismiga gʻamxoʻrlik qiladigan va har bir muammoga eʼtibor qaratadigan inson demakdir. Men qayerni surishtirmay, qanday savol bermay, Oʻzbekiston qanchalik oldinga siljiyotganini angladim».
Davlatimiz rahbarining Serbiyaga tashrifi — yagona maqsad, yaʼni mamlakatimizning iqtisodiy va siyosiy mavqeini mustahkamlash yoʻlida geografiyasi va ahamiyati turlicha boʻlgan eng xilma-xil davlatlar bilan yaqin strategik munosabatlarni oʻrnatish boʻyicha olib borilayotgan katta, zahmatli va tizimli ishlarning bir qismidir.

