Xorijga ketayotgan oʻquvchini maktabdan chiqarish onlayn boʻldi
Oʻzbekistonda oʻquvchini xorijga ketishi munosabati bilan taʼlim muassasasidan chiqarish xizmati toʻliq onlayn shaklga oʻtkazildi. Endi ota-ona yoki vasiy my.gov.uz portali orqali ariza topshirishi mumkin, qoʻshimcha hujjatlar talab etilmaydi.

Xorijga ketayotgan oʻquvchini maktabdan chiqarish endi onlayn amalga oshiriladi
Yangi tartibga muvofiq, 18 yoshga toʻlmagan oʻquvchini xorijga ketishi sababli taʼlim muassasasidan chiqarish uchun arizani uning ota-onasi yoki vasiysi topshirishi mumkin.
Mazkur xizmat maktab, akademik litsey, kollej va texnikumlarda tahsil olayotgan oʻquvchilarga tegishli.
Xizmat bepul boʻlib, ariza beruvchidan qoʻshimcha hujjatlar talab etilmaydi. Kerakli maʼlumotlar idoralararo elektron axborot tizimlari orqali avtomatik tarzda olinadi.
Berilgan ariza bolalar masalalari boʻyicha tegishli tuman yoki shahar komissiyasi tomonidan 5 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Komissiya qarori taʼlim tashkilotiga kelib tushgach, oʻquvchi 1 ish kuni ichida elektron bazadan chiqariladi.

