Yil oxirigacha Buxoro neftni qayta ishlash zavodining mahsulot va xizmatlar eksportini 116 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda

Yil oxirigacha Buxoro NPZ mahsulotlari va xizmatlari eksportini 116 million dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qorovulbozor tumanidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida boʻlib, respublikadagi eng yirik yonilgʻi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan birini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Bugungi kunda korxonada 3,2 mingdan ortiq mutaxassis mehnat qilmoqda. Joriy yilning 9 oyi davomida zavod tomonidan umumiy qiymati 12,1 trillion soʻmlik 1,36 million tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarildi, mahsulot va xizmatlar eksporti hajmi esa 99,5 million dollarni tashkil etdi, yil oxirigacha bu koʻrsatkichni 116 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Davlat rahbariga taqdim etilgan umumiy qiymati 328 million dollarlik quvvatlarni yangilash loyihasi xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirish va yuqori oktanli benzin ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan. Tashabbus doirasida oltingugurt va boshqa aralashmalar miqdorini kamaytiradigan gidrotozalash, shuningdek, yengil neft fraktsiyalaridan olinadigan yonilgʻining oktan sonini oshiradigan nafta izomerizatsiyasi uskunalarini oʻrnatish koʻzda tutilgan. Ushbu texnologiyalarning joriy etilishi Yevro-5 ekologik standartiga javob beradigan AI-92 va AI-95 markali benzin ishlab chiqarishni oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, modernizatsiya xomashyoni fraktsiyalarga ajratish va ogʻir qoldiqlarni chuqur qayta ishlash jarayonlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Natijada korxonaning yillik quvvati yana 2,5 million tonnaga oshib, 5 million tonnaga yetadi, bu ichki bozor taʼminotini mustahkamlaydi va eksport yetkazib berishni koʻpaytirish imkonini beradi.
Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyev loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar vakillari bilan suhbatlashdi, shuningdek, ishlarni bajarishda muddatlar va sifat standartlariga rioya qilinishini taʼminlash, yangi uskunalarni amaldagi liniyalar bilan singxronlashtirish va zavodning үzluksiz ishlashini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriqlar berdi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi "Tekhnochem" korxonasiga tashrif buyurib, respublikadagi yagona sohaviy neft-kimyo klasteri faoliyati va uni yanada rivojlantirish rejalari bilan tanishgan edi.

