Iqtisodiyot

Buxoro viloyatida 7,8 mlrd so‘mlik loyihalarga start berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida yangi obyektlarni ishga tushirish va istiqbolli loyihalar qurilishiga

Buxoro viloyatida 7,8 mlrd so‘mlik loyihalarga start berildi

Buxoro asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va hunarmandchilik markazi sifatida tanilgan. Bugun ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan bunyodkorlik an’analari zamonaviy ishlab chiqarish, tadbirkorlik va turizm taraqqiyotida davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari so‘nggi to‘qqiz yil ichida viloyatga 9,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb etilgani, 6 mingdan ortiq yangi ishlab chiqarish quvvati hamda 120 mingta doimiy ish o‘rni yaratilganini ta’kidladi. Bu ko‘rsatkichlar aholining bandligi va daromadi oshishi, mahalliy korxonalarning yangi bozorlarga chiqishida o‘z aksini topmoqda.

– Bugungi Buxoro buyuk tarixdan yangi taraqqiyot va muhtasham loyihalar davriga shiddat bilan yuzlanmoqda,

Neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, energetika, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, uy-joy qurilishi, infratuzilma, xizmat ko‘rsatish va turizm yo‘nalishlarida umumiy qiymati 7,8 milliard dollar bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat dastur tayyorlangan. Shundan 654 million dollarlik 55 ta loyiha ishga tushirilmoqda, qiymati 7,1 milliard dollar bo‘lgan yana 90 tasining qurilishi boshlanmoqda.

Loyihalarda AQSh, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Xitoy, Vetnam, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Rossiya va Hindiston investorlari, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki hamda mahalliy tadbirkorlar qatnashmoqda.

Ular amalga oshirilgach, 14 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi, yiliga 22 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 510 million dollarlik eksport imkoniyati yuzaga kelishi kutilmoqda.

– Maqsadimiz bitta – import o‘rnini bosadigan va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish,

Viloyatda energetika sohasida ham yirik quvvatlar barpo etilmoqda. So‘nggi yillarda “yashil” energetikaga 2 milliard dollar jalb qilinib, 1 ming megavatt shamol va 750 megavatt quyosh elektr stansiyalari, shuningdek, 63 megavattli energiya saqlash tizimlari ishga tushirildi. 601 kilometr magistral elektr tarmog‘i tortildi.

G‘ijduvonda “ACWA” kompaniyasi bilan 300 megavattli “Bosh-2” shamol elektr stansiyasi, Jondorda “Toyota Corporation” va Peshkuda “Sinoma” kompaniyalari ishtirokida umumiy quvvati 1 ming megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarining qurilishi davom etmoqda. Xitoylik hamkorlar bilan Kogon tumanida maishiy chiqindilardan elektr energiyasi olishga qaratilgan 165 million dollarlik loyihani amalga oshirish, Germaniyaning “Leman” kompaniyasi bilan esa “Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha 150 million dollarlik loyihani yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Viloyatning paxtachilikdagi tajribasiga tayangan holda zamonaviy to‘qimachilik klasterlari rivojlantirilmoqda. Buxoro shahrida “Kurt Baver” brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqaradigan to‘qimachilik kompleksi barpo etiladi. Romitanda xitoylik investorlar ishtirokida qiymati 400 million dollar bo‘lgan paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etilmoqda. Ushbu loyihalar doirasida 9 ming gektar yerni o‘zlashtirish tashabbusi ham ilgari surilgan. Natijada yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini 65 foizga yetkazish va qo‘shimcha 100 million dollarlik eksport imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.

Turizm Buxoro taraqqiyotining yana bir muhim yo‘nalishidir.

– Qadimiy obidalar, madaniy meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unligi Buxoroni sayyohlarning sevimli maskaniga aylantiryapti. Bugungi tadbirimiz o‘tayotgan, yangidan barpo etilayotgan Buxoro turizm markazi ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi,

Markazda “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki, ko‘rgazmalar zali, zamonaviy mehmonxonalar, madaniy va ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi. Shuningdek, Buxoro shahrida “Indigo”, “Holiday Inn” va “Hilton” xalqaro brendlari ostida mehmonxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

– Umuman, Buxoroda qiymati 3 milliard dollarlik 19 ta yirik loyihani boshlaymiz. Agar bu ishlarni tizimli tashkil qilsak, birgina Buxoroning o‘zida bemalol 5 milliard dollarlik turizm xizmatlari eksportini ta’minlaymiz,

Kelgusi besh yilda Buxoro viloyati aholisini to‘liq ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmog‘i bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xalqaro hamkorlar bilan umumiy qiymati 633 million dollar bo‘lgan ikkita yirik loyiha boshlangan. Ularning hisobiga 2 million nafar aholining suv ta’minoti yaxshilanadi, 781 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suviga ega bo‘ladi.

Shuningdek, viloyatning tranzit salohiyatini uch karra oshirishga qaratilgan, qiymati 565 million dollar bo‘lgan yettita yo‘l loyihasi amalga oshiriladi.

Prezidentimiz ramziy tugmani bosib, yangi obyektlarni ishga tushirdi va istiqbolli loyihalar qurilishiga start berdi. Xorijlik investorlar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbari Buxoro infratuzilmasini 2027 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sammitlarga puxta tayyorlash yuzasidan mutasaddilarning axborotlarini tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.