YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili O‘zbekistonni e’tirof etdi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalistlar manfaatlarini ta’minlash, OAVlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan

YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili O‘zbekistonni e’tirof etdi
O‘zbekistonda so‘z erkinligini mustahkamlash, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy media muhitini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar xalqaro muloqotning muhim mavzularidan biriga aylanmoqda.
Bu masalalar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo‘yicha vakili, elchi Yan Braatu bilan Vena shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham asosiy e’tiborda bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning YeXHT institutlari, xususan, Ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari bo‘yicha vakil mandati doirasidagi faoliyatga alohida ahamiyat qaratayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatning so‘z erkinligini mustahkamlash, media sohasini rivojlantirish hamda YeXHT doirasida qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarishga sodiqligi qayd etildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari sohasida olib borilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, axborot sohasini tartibga soluvchi milliy qonunchilikni yangilash, uni xalqaro standartlar va zamonaviy texnologik talablarga moslashtirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyati uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlar muhokama qilindi.
Yan Braatu ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslarning ahamiyatini qayd etib, media sohasidagi islohotlar ochiqlik, shaffoflik va jurnalistlarning kasbiy mustaqilligini ta’minlash tamoyillari bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi zarurligiga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov jurnalistlar manfaatlarini ta’minlash, OAVlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Xususan, O‘zbekiston jurnalistlarining kasbiy etikasi kodeksi loyihasi ishlab chiqilgani va hozirda qizg‘in muhokama qilinayotgani bildirildi.
Mazkur tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Yan Braatu jurnalistikada kasbiy mas’uliyat, xolislik va ishonchlilik tamoyillarini mustahkamlash, shuningdek, jurnalistlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
«Bu tashabbus axborot makonida kasbiy mas’uliyat, xolislik va ishonchlilik mezonlarini mustahkamlash, jurnalistikaning professional standartlarini rivojlantirish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, jurnalistlar xavfsizligini ta’minlashga oid YeXHT Vazirlar kengashining 3/18-sonli qarorida belgilangan majburiyatlarni amaliyotga tatbiq etish borasida O‘zbekiston oldinga qadam tashlamoqda
», — dedi Yan Braatu.
Muloqot davomida O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, jumladan, milliy qonunchilikni takomillashtirish, jurnalistlar xavfsizligini mustahkamlash va ularning kasbiy faoliyati uchun qulay muhit yaratish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasi Avstriya media akademiyasi, Jurnalistika va media bo‘yicha Vena forumi markazi, Avstriya matbuot nashrlari uyushmasi rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi hamda Krems shahridagi «IMC» amaliy fanlar universiteti faoliyati bilan tanishdi.

