Markaziy Osiyoning xalqaro ayol media-mutaxassislari Toshkentda to‘plandi
Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchi

Markaziy Osiyodan kelgan xalqaro ayol media-mutaxassislar Toshkentda jam bo‘ldi
Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi ish boshladi. Unda Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol media sohasi vakillari ishtirok etmoqda.
Bugungi axborot maydonida mintaqaviy birdamlik jurnalistika taraqqiyoti uchun muhim omillardan biriga aylanmoqda. Turli hudud va davlatlardagi jurnalistlar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni mustahkamlash hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim topish axborotning tezkor va ishonchli yetkazilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqamli platformalar kengayayotgan sharoitda jurnalistlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish, shaxsiy ma’lumotlar va manbalarni himoya qilish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Hozirda «Mintaqaviy birdamlik, raqamli xavfsizlik va jurnalistikaning inklyuziv kelajagi» II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasida Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchi va ekspertlar raqamli xavfsizlik, sun’iy intellekt, gender standartlari hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent ishlab chiqarish markazi, Milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondagi vakolatxonalari, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, YeXHTning Dushanbedagi dasturlar ofisi, YeXHTning Bishkekdagi dasturlar ofisi, YuNESKOning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonalari hamda Qirg‘iziston ijodiy industriyalar parki hamkorligida o‘tayotgan konferensiyada Markaziy Osiyo media sohasidagi ayollar faoliyatiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb chaqiriqlar o‘rin olgan.
Shuningdek, raqamli zo‘ravonlik, dipfeyklar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan suiiste’mol qilishning boshqa shakllari, dezinformatsiya, kasbiy toliqish, ayollarning media-menejmentga kirib borishidagi g‘ovlar va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida barqaror kasbiy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan ham muzokaralar olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymanovaga ko‘ra, bundan ikki yil avval Markaziy Osiyo ayol jurnalistlarini birlashtirish zarurati yuzaga kelgan.
Bugun esa navbatdagi qadamni tashlash — mintaqaviy hamkorlikni kasbiy aloqalar hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning amaldagi tizimiga aylantirish muhimdir. Media sohasidagi ayollar qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, bir-biriga juda o‘xshash chaqiriqlarga — raqamli ta’qib va kasbiy bosimdan tortib, sun’iy intellekt olib kelayotgan shiddatli o‘zgarishlargacha bo‘lgan muammolarga duch kelmoqda. Bunday chaqiriqlarga birgalikda javob berish esa ancha samaraliroqdir», — deya ta’kidlaydi Saida Sulaymonova.
Shtat va tahririyatlar ishida sun’iy intellektning ta’siri konferensiyaning markaziy mavzularidan biriga aylandi. Ekspertlar va ishtirokchilar tahririyat faoliyatida SIdan foydalanishning etik tamoyillari, uning axborotni tahlil qilish hamda jurnalistik surishtiruvlardagi imkoniyatlari, shuningdek, sintetik kontent va dipfeyklarning tarqalishi hamda axborot manipulyasiyasining yangi shakllari bilan bog‘liq masalalarni qizg‘in muhokama qildilar.
Aytish joizki, dasturning salmoqli qismi raqamli xavfsizlik hamda kasbiy barqarorlik masalalariga bag‘ishlandi. Markaziy Osiyo mediasida ayol jurnalistlar va media mutaxassislarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Shunga qaramay, ularning rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilishi, muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishida turli to‘siqlar uchraydi.
«Shisha shift» atamasi ana shu ko‘zga ko‘rinmas, biroq kasbiy o‘sishni cheklaydigan to‘siqlarni anglatadi. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun ayollarning professional salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlar yaratish va rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim.
Amaliy sessiyalarda ishtirokchi ayollar akkauntlar va ma’lumotlarni muhofaza qilish vositalari bilan ishlaydilar, onlayn-hujumlar ssenariylarini tahlil qiladilar hamda tezkor kasbiy yordam ko‘rsatishning ehtimoliy mexanizmlarini muhokama etadilar. Ayol jurnalistlar OAV voqealarni haqiqatda bo‘lgani kabi aks ettirishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. «Shisha shift»ni yengib o‘tayotgan ayollardan ko‘pincha murakkab yoki notinch sharoitlarda ham muvaffaqiyatga erishish kutiladi. Haqiqiy tenglik muntazam mentorlik, institutsional qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli investitsiyalarni talab qilgani bois, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasidagi mustaqil OAVni o‘qitish dasturlari, jumladan, gender-sezgir jurnalistika va jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha, shuningdek, jurnalistlar uchun grant va stipendiyalar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda», — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.

