Mahalliy

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi Turkiyaning yetakchi media tuzilmalari bilan memorandum imzoladi

O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish masalasi ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida

**O‘zbekiston Jurnalistlar Uyushmasi Turkiyaning Yetakchi Media Tuzilmalari Bilan Hamkorlik Memorandumini Imzoladi**

Turkiyaning Balikesir shahrida bo‘lib o‘tgan «Madaniyat yo‘nalishidan raqamli kelajakka: madaniyatlar, media va sun’iy intellekt» nomli xalqaro mediaforum doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar Uyushmasi va Turkiya media tuzilmalari vakillari o‘rtasida samarali muzokaralar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda ikki davlat jurnalistikasining bugungi holati, zamonaviy media muhitida yuzaga kelayotgan imkoniyatlar va qiyinchiliklar, jurnalistlar o‘rtasidagi professional aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish hamda qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarning muhim natijasi O‘zbekiston va Turkiya media tuzilmalari o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi bo‘ldi. O‘zbekiston Jurnalistlar Uyushmasi boshqaruvi raisi Shuhrat Oripov, Turkiya Jurnalistlar Federatsiyasi raisi Yilmaz Karaja va Turkiya Internet Media Birligi boshqaruvi raisi Sulaymon Basa tomonidan imzolangan ushbu hujjatlar ikki mamlakat jurnalistlari va media tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli va amaliy asosda rivojlantirish uchun muhim qadam hisoblanadi.

Turkiya Jurnalistlar Federatsiyasi bilan hamkorlik jurnalistlar delegatsiyalari almashinuvi, mahalliy matbuotni rivojlantirish tajribasini o‘rganish, raqamli jurnalistika, sun’iy intellekt va media savodxonlik bo‘yicha qo‘shma seminarlar tashkil etish, jurnalistlar malakasini oshirish hamda xalqaro media forumlar o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi. Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya jurnalistlari o‘rtasida professional tarmoqni kengaytirish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

1996-yilda tashkil etilgan Turkiya Jurnalistlar Federatsiyasi jurnalistlarning kasbiy manfaatlarini himoya qilish, matbuot va so‘z erkinligi masalalarida jurnalistik hamjamiyatning umumiy pozitsiyasini ifoda etish, mahalliy va mintaqaviy matbuotni qo‘llab-quvvatlash hamda professional hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi. Federatsiya Turkiyaning 81 viloyatidagi jurnalistlar uyushmalarini birlashtiradi.

Turkiya Internet Media Birligi (TIMBIR) bilan imzolangan hamkorlik memorandumi esa ushbu jarayonning raqamli media yo‘nalishini yanada boyitadi. Ushbu tashkilot internet jurnalistikasi, raqamli media va onlayn axborot platformalarini birlashtiruvchi xalqaro maqomdagi professional media tashkilot bo‘lib, uning tarmog‘i Turkiyaning 81 viloyati va dunyoning 25 mamlakatidagi hamkorlik aloqalarini qamrab oladi. Tashkilot tarmog‘iga 800 dan ortiq media tashkiloti va 1000 dan ziyod axborot platformalari kiradi.

O‘zbekiston Jurnalistlar Uyushmasi TIMBIR bilan hamkorlik doirasida raqamli jurnalistika, internet media, jurnalistlar malakasini oshirish, media savodxonlik, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Ta’lim dasturlari, seminar va treninglar orqali media xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, raqamli muhitda axborot ishonchliligi va jurnalistik etika masalalarida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Balikesirdagi hamkorlik kelishuvlarini ikki mamlakat jurnalistlari o‘rtasida yangi muloqot maydonini shakllantiruvchi muhim tashabbus, yangi tajriba va yangi qo‘shma loyihalar uchun muhim qadam sifatida baholash mumkin. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni axborot makonida yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.