Dunyo

“Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishi Rossiya bilan urushni anglatadi” — Putin

“Yevropa qo‘shinlarining Ukrainaga kiritilishi Rossiya bilan urushni anglatadi” — Putin

Yevropa davlatlari qo‘shinlarining Ukraina hududiga kiritilishi Rossiya bilan urush boshlanishini bildiradi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Nyu-Dehlida o‘tayotgan BRIKS sammiti doirasida jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Hozir ular Ukraina hududiga qo‘shin kiritish haqida o‘ylayotganini aytmoqda. Bu Rossiya bilan urushni anglatadi”, dedi Putin.

Rossiya prezidenti Yevropa davlatlari o‘z mamlakatlarini Moskva bilan harbiy to‘qnashuvga olib borayotganini da’vo qildi.

Uning aytishicha, Rossiyaning Yevropa bilan mojaro qilish uchun asosi yo‘q. Putin bu masaladagi barcha savollar Ikkinchi jahon urushi yakunlari bilan hal etilganini ta’kidladi.

Kreml rahbari yevropaliklarning bir qismi hukumatlari yuritayotgan siyosat oqibatlarini tushunayotganini ham bildirdi. U Germaniyadagi “Germaniya uchun alternativa” partiyasining saylov natijalarini ham shu jarayon bilan bog‘ladi.

2026 yil yanvarda Ukraina, Fransiya va Buyuk Britaniya urush tugaganidan so‘ng Ukraina hududiga xorijiy kuchlarni joylashtirish imkonini nazarda tutuvchi deklaratsiyani imzolagandi. Hujjat Parijda bo‘lib o‘tgan «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» sammiti doirasida qabul qilingan.

Rejaga ko‘ra, o‘t ochish to‘xtatilgach, Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina hududida harbiy markazlar tashkil etishi, Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ va texnika saqlanadigan himoyalangan obyektlar barpo etishi mumkin.

Fransiya tomoni xorijiy kuchlar Ukraina armiyasini tayyorlash va Rossiyaning ehtimoliy yangi hujumini tiyib turishda ishtirok etishini bildirgan. Tashabbus Yevropa davlatlari rahbarligida, AQSHning tashkiliy ko‘magi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Rossiya bunga keskin qarshi chiqqan. 8 yanvarda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainaga joylashtiriladigan har qanday xorijiy harbiy kontingent Rossiya armiyasi uchun “qonuniy nishon” bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Oradan ikki kun o‘tib, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat parlamentini Ukrainaga fransuz harbiylarini joylashtirish imkonini ma’qullashga chaqirgandi.

Biroq “Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning barcha ishtirokchilari ham Ukrainaga harbiy yuborishga tayyor emas. Italiya bosh vaziri Jorja Meloni mamlakat qo‘shinlari Ukraina hududiga joylashtirilmasligini ma’lum qilgandi. Koalitsiya doirasida har bir davlatning qo‘shin yuborish masalasida mustaqil qaror qabul qilishi belgilangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.