Modi Putinni Ukrainadagi urushni tugatishga chaqirdi
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Nyu-Dehlida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi urushni tugatish uchun yana muzokaralarga chaqirdi. U mojarolarni hal etishning toʻgʻri yoʻli muloqot va diplomatiya ekanini taʼkidlab, tinchlikka qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Modi Putinni Ukrainadagi urushni yakunlashga chaqirdi
Modi va Putin 11-sentabr kuni Nyu-Dehlida ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazdi. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, muzokaralarda Hindiston–Rossiya munosabatlari bilan birga Ukrainadagi urush masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Hindiston TIV Modining soʻzlaridan iqtibos keltirib, «Muloqot va diplomatiya - mojarolarni hal qilishning toʻgʻri yoʻli», dedi.
Uchrashuv 12–13-sentabr kunlari Hindiston poytaxtida boʻlib oʻtadigan BRIKS sammiti oldidan tashkil etildi.
Hindiston Rossiya neftining yirik importchilaridan biri hisoblanadi. Mamlakat Rossiyadan don mahsulotlarini ham sotib oladi. Shu bois Ukrainadagi urush sabab Qora dengizdagi kema qatnovining izdan chiqishi Hindiston manfaatlariga ham taʼsir qilmoqda.
Jumladan, iyul oyida Odessa yaqinida yuk kemasiga Rossiya raketa zarbasi berilishi oqibatida toʻrt nafar hindistonlik dengizchi halok boʻlgan. Shundan keyin Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning mamlakatdagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirgan edi.
Bu Modining soʻnggi ikki hafta ichida Putinga Ukrainadagi urushni tugatish masalasida ikkinchi murojaatidir.
31-avgust kuni Bishkekda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti arafasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham Hindiston bosh vaziri Rossiya prezidentini harbiy harakatlarni toʻxtatishga chaqirgan.
Oʻshanda Modi «cheksiz urushdan urushning yakuniga, harbiy harakatlarning tugashiga oʻtish kerak»ligini aytgan. Putin esa Rossiya goʻyo bu yoʻnalishda «harakatlanayotgani»ni bildirgan.
Hindiston Ukrainada keng koʻlamli urush boshlanganidan keyin ham Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarini saqlab qoldi va Rossiya neftini faol xarid qilishda davom etdi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, Gʻarb sanksiyalari ostidagi ayrim tovarlar, jumladan Rossiya harbiy sanoati uchun zarur boʻlgan mikrochiplar va dastgohlar ham Hindiston orqali Rossiyaga yetkazilgan.
Ayni paytda Gʻarb davlatlari rahbarlarining Moskva tinchlik muzokaralariga qanchalik tayyor ekani haqidagi baholari turlicha.
Germaniya kansleri Fridrix Mers 9-sentabr kuni Rossiya hukumati va prezidentining Ukraina boʻyicha jiddiy tinchlik muzokaralariga kirishishga tayyorligini koʻrsatuvchi belgilarni kam koʻrayotganini aytgan.

