Fransiya va Slovakiya Alisher Usmonovni Yevroittifoq sanksiyalaridan chiqarishni so‘ramoqda

Fransiya va Slovakiya Alisher Usmonovni Yevroittifoq sanksiyalaridan chiqarishni so‘ramoqda
Fransiya Slovakiya bilan birga, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlashni so‘ramoqda.
Slovakiya bundan oldin ham Usmonov hamda milliarder Mixail Fridmanni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab joriy etilgan Yevroittifoq sanksiyalaridan chiqarishni talab qilib kelgan edi. Endi bu masalada Bratislavani Parij ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Nashr manbalariga ko‘ra, Fransiyaning bu qarori boshqa a’zo davlatlarda “kuchli norozilik” keltirib chiqargan. YEI diplomatlaridan biri Parijning bunday pozitsiyasi ortida asosan iqtisodiy omillar bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Shu bilan birga, Fransiyaning YEIdagi doimiy vakolatxonasi Parij Rossiyaga qarshi sanksiyalarning umumiy muddatini uzaytirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Usmonovni ro‘yxatdan chiqarish talabi esa Slovakiya bilan kelishuvga erishish uchun siyosiy murosa sifatida ilgari surilgan.
Slovakiya bir necha bor sanksiyalarni uzaytirishga qarshi chiqqan, Usmonov va Fridmanni ro‘yxatdan chiqarishni, shuningdek, shaxsiy sanksiyalarni hozirgidek har olti oyda qayta ko‘rib chiqish tartibini saqlab qolishni talab qilgan. Ayni paytda ularni bir yilga uzaytirish varianti ham muhokama qilinmoqda.
Yevropa Ittifoqida bunday sanksiyalarni uzaytirish uchun barcha 27 davlatning roziligi kerak. Shu sababli hatto bitta davlat ham qarorni bloklashi mumkin. YEI elchilari 14-sentyabrda yana yig‘ilishi, kelishuv esa 15-sentyabrgacha qabul qilinishi lozim.
Yevroittifoq Kengashi joriy yil mart oyida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi bilan bog‘liq shaxs va tashkilotlarga nisbatan cheklovlarni yana olti oyga — 2026-yil 15-sentyabrgacha uzaytirgan edi. Ushbu choralar aktivlarni muzlatish, jismoniy shaxslarning YEI hududiga kirishini cheklash hamda ularga mablag‘ va boshqa iqtisodiy resurslar taqdim etishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi.
Alisher Usmonov 2022-yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin YEI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Usmonovni Yevropa sanksiyalaridan chiqarish masalasi avval ham bir necha bor ko‘tarilgan. Jumladan, 2025-yil fevralda Vengriya Usmonov va uning singlisini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish taklifini ilgari surgandi. Budapesht sakkiz nafar rossiyalik ro‘yxatdan chiqarilmasa, sanksiyalarni uzaytirishga rozilik bermasligini bildirgan edi.
Bundan avval, 2022-yil sentyabrda Vengriya Usmonov va yana ikki nafar rossiyalik biznesmenga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish talabini ilgari surgan, keyinchalik bu talabdan vaqtinchalik voz kechgandi.
Usmonovning singlisi Saodat Narziyeva 2022-yil aprelda YEI sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan, ammo o‘sha yil sentyabrda unga nisbatan cheklovlar bekor qilingan. Usmonovning o‘zi esa ro‘yxatda qolgan.
2025-yil noyabrda Gamburg sudi Usmonov Shveysariyadagi aktivlarini singlisi orqali yashirgani haqida Facebook’da tarqatilgan da’voni asossiz deb topgandi.
2025-yil dekabrda esa Germaniyada Alisher Usmonovga nisbatan olib borilgan yana bir tergov to‘xtatilgandi.

