Lukashenko: urush boʻlmasligi uchun urushga tayyorgarlik koʻryapmiz
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko mamlakat Qurolli kuchlarida keng koʻlamli tekshiruvlar davom ettirilishi va ular safarbarlik tayyorgarligini ham qamrab olishini maʼlum qildi. Uning taʼkidlashicha, «urush boʻlmasligi uchun unga tayyorgarlik koʻrish» kerak.

**Lukashenko: urush boʻlmasligi uchun urushga tayyorgarlik koʻryapmiz**
Aleksandr Lukashenko 11-sentabr kuni Brest viloyatidagi «Obuz-Lesnovskiy» umumqoʻshin poligonida jurnalistlar bilan suhbatda armiyada olib borilayotgan tekshiruvlar haqida fikr bildirdi.
Uning aytishicha, Belarus Qurolli kuchlarining barcha boʻlinmalari bosqichma-bosqich tekshiriladi va bu jarayon safarbarlik tayyorgarligigacha davom etadi.
«Men avval ham oddiy qilib aytganman: armiyani silkitish kerak, vaqti keldi. Butun armiyani. Hammani, hatto safarbarlikkacha tekshiramiz», - dedi u.
Belarus rahbarining soʻzlariga koʻra, tank va motoʻqchi boʻlinmalarda tekshiruvlar allaqachon oʻtkazilgan, hozir esa artilleriya brigadasida shunday tadbirlar davom etmoqda.
«Urush boʻlmasligi uchun urushga tayyorgarlik koʻryapmiz», - dedi Lukashenko.
U barcha Qurolli kuchlar tekshiruvdan oʻtkazilishini taʼkidlab, harbiy tayyorgarlik sharoitlari imkon qadar haqiqiy jang vaziyatiga yaqin boʻlishi kerakligini aytdi.
Lukashenko bu yondashuvni Rossiya rasmiylari «maxsus harbiy operatsiya» deb ataydigan Ukrainadagi urushdan chiqarilgan saboqlar bilan izohladi.
«Hammasi xuddi jangdagidek boʻlishi kerak. Qoʻshinlarimizni shunday tayyorlash zarur. Bu - maxsus harbiy operatsiya saboqlari. Shuning uchun butun Qurolli kuchlarni silkitamiz», - dedi u.
Suhbat chogʻida Lukashenko 22 yoshli kichik oʻgʻli Nikolay armiyada xizmat qilayotganini ham maʼlum qildi.
Nikolay Lukashenko yozda Pekin universiteti va Belarus davlat universitetining «Biotexnologiya» qoʻshma dasturi boʻyicha diplom olgan.
Lukashenkoning aytishicha, uning oʻgʻli boshqalar bilan birga harbiy xizmatga chaqirilgan va hozir leytenant sifatida xizmat qilmoqda.
«Hatto hech kim bilmasdi. Viktor [mudofaa vaziri Viktor Xrenin] chaqirdi. Armiyada hamma qatori xizmat qilyapti. Leytenant. Qayerdaligini aytmayman, ammo eng murakkab boʻlinmada», - dedi Lukashenko.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Nikolay xizmatdan boʻsh vaqtida biotexnologiya yoʻnalishidagi oʻqishini ham davom ettirmoqda.

