Yaqin Sharqdagi urush kengaymoqda: Saudiya va husiylar bir-biriga yana aviazarbalar berdi

Yaqin Sharqda urush tobora kengaymoqda: Saudiya Arabistoni va husiylar yana bir-biriga aviazarbalar yo‘lladi
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylar 16-sentyabr kuni tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Saudiya samolyotlari Yamanga zarba bergan. Bunga javoban husiylar Saudiya shaharlariga dron va raketalar uchirgan. Reuters xabariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush doirasida husiylarning harakatlari Tehron ta’sirini yanada kuchaytirgan.
Urushda yangi front ochilgani sababli AQSH Saudiya Arabistoni bo‘yicha ogohlantirish berdi. Hukumat xodimlariga Yaman chegarasidan 32 kilometr masofada harakatlanish taqiqlandi.
O‘tgan haftadan beri Qizil dengiz sohilidagi Yaman shaharlarini egallab, Bob al-Mandab bo‘g‘ozidagi orollarni nazoratga olgan husiylar yangi video e’lon qildi. Unda Saudiyaga qarashli kuchlardan zirhli texnikalar tortib olingani, osmonda harbiy samolyotlar uchgani va cho‘lda portlashlar yuz bergani ko‘rsatiladi.
Husiylar harbiy matbuot kotibi Yahyo Sari guruh Saudiya Arabistonining Yanbu neft portiga hamda Xamis Mushaytdagi harbiy bazasiga yana dron va ballistik raketalar uchirganini aytdi. U zarbalar qachon berilganini ochiqlamadi. Saudiya Arabistoni ushbu shaharlarda 15-sentyabr kuni xavf signali e’lon qilgandi.
Avvalroq Yahyo Sari husiylar Saudiyaning F-15 qiruvchi samolyotini urib tushirganini da’vo qilgandi. Ammo bu voqea bo‘yicha hech qanday dalil keltirilmadi.
Sari Saudiya bir hafta ichida Yamanga 450 tagacha aviazarba berganini aytdi. Yaman janubidagi hukumat rasmiylari husiylar pozitsiyalariga havo zarbalari berilganini tan oldi. Ar-Riyodning o‘zi buni hali tasdiqlagani yo‘q.
Husiylar bir hafta davomida Saudiya Arabistoni hududiga ketma-ket raketalar uchirdi. O‘tgan haftada Iroqdagi Eronni qo‘llovchi kuchlar hujumi sababli Saudiyaning “Sharq-G‘arb” neft quvuri ishdan chiqqandi. Bu quvur Hormuz bo‘g‘ozini aylanib o‘tadigan asosiy yo‘l edi.
Ar-Riyod 15-sentyabr kuni Makkadan janubroqda husiylarning dronini urib tushirganini ma’lum qildi. Rasmiylar buni “qizil chiziq”dan o‘tish deb baholadi. Yahyo Sari esa Makkaga hujum qilinganini rad etib, buni Saudiyaning uydirmasi deb atadi.
Reuters manbalariga ko‘ra, AQSH rasmiylari dam olish kunlari Ummonda husiylar bilan uchrashgan. Uchrashuvda husiylar AQSH kemalariga hujum qilish niyati yo‘qligini va 2025-yilda erishilgan otashkesimga amal qilishini bildirgan.
Urushning Yamanga yoyilishi AQSH va Isroilning Eronga qarshi olti oydan beri davom etayotgan urushi tufayli yuzaga kelgan neft tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin. Bu urush Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovini to‘xtatib qo‘ygan.
16-sentyabr kuni Brent neftining bir barreli 108 dollar atrofida baholandi. Bu may oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. AQSHda dizel yonilg‘isi narxi bir gallon uchun 6,30 dollardan oshib rekord darajaga yetdi.
Treyderlarning ta’kidlashicha, “Sharq-G‘arb” neft quvurining uzoq vaqt yopiq qolishi jahonda neft yetkazib berish hajmini 4 foizga kamaytirishi mumkin. Saudiya Arabistoni quvur qachon ishga tushishini ma’lum qilmadi. Biroq AQSH energiya vaziri Kris Rayt 15-sentyabr kuni xom neft bir necha kun ichida quvur orqali yana oqishini bildirdi.

