Saudiya Yaqin Sharqda yangi urush fronti ochishi mumkin — NYT

**Saudiya Yaqin Sharqda yangi urush frontini ochishi mumkin – NYT**
Saudiya Arabistoni Yaman husiylariga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyorlanmoqda. Qirollik bu qarorga shifoxonalar, kemalar, aeroportlar va neft obyektlariga bir necha hafta davomida uyushtirilgan hujumlardan so‘ng keldi. Bu holat AQSHning Eron va uning ittifoqchisi bo‘lgan husiylarga qarshi urushida yangi front ochishi mumkin. Bu haqda The New York Times (NYT) nashri manbalar va tahlilchilarga tayanib xabar berdi.
Ismini oshkor etishni istamagan Saudiya rasmiysi Ar-Riyod tinchlikni afzal ko‘rishini, ammo urushga ham tayyorligini va har qanday vosita bilan o‘zini himoya qilishini bildirdi. Agar husiylar hujumlarni davom ettirsa, qirollik Yaman hukumati va husiylarga qarshi koalitsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun havo zarbalari berishga tayyor bo‘ladi.
NYT’ning yozishicha, tahlilchilar Saudiya guruhni zaiflashtirishga va uni o‘ziga maqbul shartlarda muzokara o‘tkazishga majbur qilishga urinishi mumkinligini aytmoqda. Biroq, tomonlar o‘rtasida yillar davomida saqlanib kelgan muloqot kanallari uzilgan.
Vashingtondagi Yaman bo‘yicha tahlilchi Muhammad al-Basha vaziyatga izoh berib shunday dedi: “Hozirgi bosqichda men siyosiy yechimni ko‘rmayapman. Urush yaqinlashmoqda”.
Husiylar esa o‘z hujumlarini oldini oluvchi chora deb izohlamoqda. Ular Saudiya va Yaman hukumatlarini quruqlikdagi hujumga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi. Husiylar vakili Muhammad al-Buxaytiy guruh Saudiya bilan amalda urush holatida ekanini aytdi. U keng ko‘lamli nizo kelib chiqsa, qirollikdagi barcha neft va muhim infratuzilmalarni yo‘q qilishga va’da berdi.
Yaman ichida ham husiylar va Saudiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hukumat o‘rtasidagi to‘qnashuvlar so‘nggi haftalarda keskinlashgan. BMTning Yaman bo‘yicha maxsus vakili Hans Grundberg BMT Xavfsizlik Kengashi brifingida ta’kidlashicha, Yaman bugun 2022-yilgi otashkesimdan beri to‘liq urushga qaytish xavfiga duch kelmoqda.
Yamandagi nizo 2014-yil sentyabr oyida husiylar poytaxt Sanani egallab olgach, boshlangan edi. BMT vositachiligida 2022-yil aprel oyida erishilgan sulh keyinchalik bir necha bor uzaytirilgan.
NYT xabariga ko‘ra, har ikki tomonda ham harbiy kuchlar to‘planayotgani sezilmoqda. Xalqaro inqiroz guruhining katta tahlilchisi Ahmad Nag‘iyning aytishicha, Saudiya husiylarga qarshi guruhlar o‘rtasidagi harbiy koordinatsiyani yaxshilagan va ularni zamonaviy qurollar bilan ta’minlamoqda. Yaman hukumati prezidentlik kengashi a’zosi Abdulla al-Alimiy Sanani hukumat nazoratiga qaytarish muqarrar bo‘lib qolganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, nashr Saudiyada urushdan qochish uchun sabablar yetarli ekanini qayd etmoqda. Yangi nizo mamlakat moliyasi hamda mudofaa zaxiralarini tugatishi mumkin. Shuningdek, valiahd shahzodaning qirollikni biznes va turizm markaziga aylantirish rejalariga xavf soladi. Biroq Nag‘iyning so‘zlariga ko‘ra, husiylar muzokaraga tayyor emas va Eron manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilmoqda. Ekspertlar va diplomatlar har qanday keskinlashuv o‘n millionlab yamanliklar hayotini yomonlashtirishidan xavotirda.
“Yagona aniq narsa shuki, buning badalini yamanliklar to‘laydi”, dedi Grundberg.
Saudiyaliklar va husiylar o‘rtasidagi ziddiyat iyul oyida yanada keskinlashgan edi. O‘shanda yamanlik guruh Saudiyaning janubi-g‘arbidagi Abha xalqaro aeroportiga hujum qilganini da’vo qildi. Husiylar, shuningdek, Jizan provinsiyasiga berilgan raketalar zarbasi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
Ar-Riyod esa o‘z navbatida Yamandagi husiy nishonlariga zarba berdi. So‘nggi hujumlardan biri 24-avgust kuni sodir bo‘ldi: guruh Qizil dengizdagi Yanbu porti yaqinida Saudiya neft tankeriga hujum qildi.
Bundan tashqari, 20-iyul kuni Yaman husiylari Saudiyaga qarshi dengiz blokadasini e’lon qildi. The Wall Street Journal xabariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi to‘sib qo‘yilgach, Saudiya neft eksportini Qizil dengiz sohilidagi terminallari orqali, so‘ngra Bab al-Mandab bo‘g‘ozi orqali Osiyo xaridorlariga yo‘naltirgan edi. Yaman orqali o‘tadigan Bab al-Mandab bo‘g‘ozi ham husiylar tomonidan to‘sib qo‘yilishi mumkin.
Bunga javoban Ar-Riyod Qizil dengizda kemalar qatnovini himoya qilish uchun ko‘pmillatli dengiz koalitsiyasi tuzilganini e’lon qildi. Bu koalitsiya tuzilgani e’lon qilingan uchrashuvda taklif etilgan 51 mamlakatdan 43 tasining vakillari hamda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Avvalroq Saudiyaga Eronning ikki ittifoqchisi hujum qilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, hujumlar shimoldan Iroq jangarilari, janubdan esa Yamandagi husiylar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

