Yangi Toshkentga investorlar uchun dastlabki 50 ta yer uchastkasi tayyorlandi

Yangi Toshkent loyihalariga qiziqish bildirgan xorijiy investorlar uchun dastlabki 50 ta yer uchastkasi aniqlab olindi. Ularga uchastkalarning joylashuvi, loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblar va yangi imtiyozlar koʻrsatilgan takliflar taqdim etiladi.
Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga xorijiy investorlarni Yangi Toshkent imkoniyatlari bilan yanada batafsil tanishtirish topshirildi.
Vazirlar ham xorijiy hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan har bir uchrashuvda ushbu loyihalarni taqdimot qilishlari va ularni hamkorlikka taklif etishlari kerak.
Prezident investitsiya takliflari qogʻozda qolib ketmasligi kerakligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, investorlarga aniq yer uchastkalari, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari koʻrsatilgan tayyor loyihalarni topshirish zarur.
Oldinroq Shavkat Mirziyoyev shahar qurilishini jadallashtirish va xususiy investitsiyalarni yanada faolroq jalb qilish zarurligini maʼlum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, biznesning loyihadagi ishtiroki surʼatlari hozircha mavjud imkoniyatlarga mos kelmayapti.

