Mahalliy

“Yer yo‘q”. Prezident Toshkent tumanlari hokimlariga Yangi Toshkentda loyihalar tayyorlashni topshirdi

O‘zbekiston prezidenti Toshkentning amaldagi tumanlarida bo‘sh yer maydonlari yetishmayotganini ma’lum qildi. Yangi loyihalarni amalga oshirish uchun har bir tumanga Yangi Toshkentdan 100 gektardan yer ajratiladi. Hokimlar bu ishga haftasiga bir kun ajratishi va har oy davlat rahbariga hisobot berishi kerak.

“Yer yo‘q”. Prezident Toshkent tumanlari hokimlariga Yangi Toshkentda loyihalar tayyorlashni topshirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Toshkentning amaldagi tumanlarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun bo‘sh yer maydonlari yetishmayotganiga e’tibor qaratdi.

“Eng katta e’tiroz nima? [Shayxontohur tumani hokimi Bobir Abubakirov] „Yer ber“, deydi. Yer yo‘q. Olmazorda ham yer yo‘q, Toshkentning boshqa tumanlarida ham yer yo‘q. Shuning uchun sizlar [tuman hokimlari] ham [Yangi Toshkentda loyihalar uchun] tayyorgarlik qilinglar”, — dedi davlat rahbari.

Shu munosabat bilan poytaxtning har bir tumani uchun Yangi Toshkent hududidan dastlab 100 gektardan yer ajratiladi.

“Lekin yuz gektarni qanday o‘zlashtirish, loyiha nima bo‘lishi kerak — odamlar, mahallalar kesimida [belgilash kerak]. Bu Shayxontohur tumani mahallasi bo‘ladi, bu Olmazor mahallasi bo‘ladi, bu Mirzo Ulug‘bek”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari har bir tuman hokimiga Yangi Toshkentdagi loyihalar ustida ishlash uchun haftasiga bir kun ajratishni topshirdi. Shuningdek, hokimlar har oy prezidentga amalga oshirilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida hisobot berishi kerak.

U Yangi Toshkentga keyingi tashrifi chog‘ida har bir tuman loyihalari bilan shaxsan tanishish niyatida ekanini ham bildirdi.

“Har oy viloyat hokimlari besh kun kelib shu yerda yuradi. Har oy — besh kun. Bu yangi O‘zbekiston, bu tarix”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev shahar qurilishida aholi uchun qulay ko‘cha va yo‘llar, yashil hududlar, dam olish joylari hamda farovon hayot uchun boshqa sharoitlarni yaratish zarurligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Toshkent kelajak avlodlar uchun namuna bo‘lishi kerak.

“Yana bir marta aytaman, ellik yil, yuz yildan keyin odamlar: „Otasiga rahmat o‘sha komandaning, shunday zamin yaratib ketgan ekan. Biz erkin, xavfsiz, bemalol yashil makonda farzandlarimizni tarbiya qilyapmiz, maktabga boryapti, oliygohga boryapti, shifoxonalar eng zo‘r, zamonaviy, dunyoning hamma yeridan olib kelyapti“ degan fikr bo‘lishi kerak”, — dedi davlat rahbari.

Prezident, shuningdek, Yangi Toshkentda O‘zbekistonning har bir viloyati uchun o‘z o‘rni bo‘lishini taklif qildi. Xususan, yangi shaharning yirik ko‘chalariga viloyatlar nomini berish, hududda esa muayyan viloyatlar bilan bog‘liq alohida mahallalar tashkil etish mumkin.

“Andijon ko‘chasi qo‘yamiz katta ko‘cha nomini. […] Farzandimga uy olaman, deb Qashqadaryo hokimiga bitta oddiy dehqon kelib aytsa, hokim: „Ey, ota, Toshkentda o‘zimizning uyimiz bor, o‘zimizning mahallamiz bor. Qashqadaryo mahallasida yashaysiz“, desa, qanday zo‘r bo‘ladi!” — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda prezident Yangi Toshkentda yer maydonlariga talab sezilarli darajada oshganini ham ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda yangi shaharda bir gektar yerning narxi 10 mlrd so‘mga ham yetmagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 19 mlrd so‘mga yetgan.

“Yaqinda 66 sotixli yer uchastkasi 6,7 milliard so‘m boshlang‘ich narxda savdoga chiqarilib, yakunda 40 milliard so‘mga sotildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi shahar qurilishi uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 60 ming gektar maydonda umumiy qiymati 50 mlrd dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yangi aeroport qurilishini hisobga olganda, hududning investitsiya salohiyati prezident bahosiga ko‘ra, 200 mlrd dollarga yetishi mumkin. Yangi shaharda 2000 gektar yashil hudud va 500 gektar bog‘lar tashkil etish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Yangi Toshkentda investorlar yer maydonining 30%ini ko‘kalamzorlashtirishi shart bo‘lmaydi.

Shaharning 30%ini ko‘kalamzorlashtirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta’minlanadi. Qiymati $50 mlndan yuqori noturar joy loyihalari uchun “yashil” sertifikat xarajati qoplanadi. Yirik loyihalarga mas’ul biriktiriladi.

Shavkat Mirziyoyev ushbu yig‘ilishda Yangi Toshkentda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni soddalashtirishni ham topshirdi.

Biznes uchun infratuzilma to‘lovlari 3−10 baravarga kamaytiriladi, yerlar esa, jumladan, Swiss Challenge tamoyili asosida ajratiladi. Zarur hollarda shaharning bosh rejasi investorlar takliflarini hisobga olgan holda o‘zgartirilishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.