Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i barpo etiladi

Yangi Toshkentda "Ozarbayjon" bog‘i bunyod etiladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda "Ozarbayjon" bog‘ini qurish ishlariga start berishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati 23-avgust kuni ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, bog‘ uchun Yangi Toshkentdan 4 gektar yer ajratilgan. Bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini aks ettiruvchi zamonaviy jamoat maskani tashkil etiladi. Bog‘ ikki qardosh xalqning madaniy yaqinligi va do‘stligini namoyon etuvchi maskanga aylanadi.
Ta’kidlash joizki, bunday xayrli tashabbus ikki tomonlama xususiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Boku shahridagi "Oq shahar" hududida "O‘zbekiston" bog‘iga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yilgan edi. 4,5 gektar maydonda tashkil etiladigan ushbu majmuada O‘zbekistonning boy madaniyati va an’analari, milliy me’morchilik maktabi o‘ziga xos tarzda namoyon etiladi. Unda mamlakatimiz tarixiy obidalarining me’moriy timsollari, yashil hududlar va sayr maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan, deyiladi xabarda.
Toshkentdagi "Ozarbayjon" va Bokudagi "O‘zbekiston" bog‘lari ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligi, o‘zaro hurmati va ma’naviy yaqinligining yana bir yorqin ramzi bo‘lishi qayd etilgan.
Davlat rahbarlari bo‘lajak bog‘ hududida ramziy kapsulani joylashtirib, loyihani amalga oshirishga start berishdi.
Bundan avval Ozarbayjon Prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishtirilgan edi. Keyin prezidentlar mazkur hududda qurilgan Nizomiy Ganjaviy nomidagi pedagogika universiteti kampusini ochib berishgan.

