O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi

O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi
Bugun, 23-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Muzokaralarda ikki davlat strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon yetakchisining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida taʼkidlagan.
“Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi”, degan O‘zbekiston Prezidenti.
Tahlillarga qaraganda, so‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortgan. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Muloqotda tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etilgan. Aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratishi bildirilgan.
“Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda davlat rahbarlari madaniyat, taʼlim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi.
Qayd etilishicha, bugun Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochiladi hamda Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlari boshlanadi. Uchrashuvda ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” mavzusida qo‘shma kinofilm yaratish taklif etilgan.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglangan. Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilingan.
Yakunda bank-moliya, qurilish materiallari, taʼlim, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start berildi.
Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida O‘zbekistonga kelgani xabar qilingandi.

