Siyosat

Ozarbayjon prezidenti 23-avgust kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 23−24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Toshkentda oliy darajadagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 23-avgust kuni O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Tashrif 24-avgustgacha davom etadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashrif doirasida Toshkentda oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Sammitning asosiy kun tartibidan O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari joy olgan. Shuningdek, savdo aylanmasi hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, transport-tranzit imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashib, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.

Muzokaralar yakunida bir qator hujjatlar imzolanishi hamda iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Hozirda O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumi va boshqa qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ilhom Aliyev oxirgi marta 2025-yil noyabr oyida mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.