«Yandeks» data-markazi joylashgan zavod hududida yongʻin chiqdi
Rossiyaning Ryazan viloyati Sasovo shahridagi «Sasta» stanoksozlik zavodi hududida yongʻin chiqqan. Astra nashrining ochiq manbalar tahliliga koʻra, shu hududda «Yandeks DTS» kompaniyasining maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazi ham joylashgan.

«Yandeks» data-markazi joylashgan zavod hududida yongʻin yuz berdi
Nashr 8-oktabrga oʻtar kechasi eʼlon qilgan xabarda yongʻin joyi guvohlar tomonidan olingan kadrlar asosida aniqlangani aytilgan.
Astra, shuningdek, oʻtgan oy data-markaz xodimlari u yerdagi uskunalarni koʻrsatib, obyekt Sasovo shahrida joylashganini aytganini qayd etgan.
Keyinroq Yandex Cloud bulutli platformasining alohida xizmat koʻrsatish zonasida elektr taʼminoti bilan bogʻliq uzilish haqida xabar paydo boʻlgan. Taxminan 40 daqiqadan soʻng platforma jamoasi vaziyat barqarorlashganini bildirgan.
Biroq bu uzilish aynan yongʻin oqibatida yuz bergani yoki data-markazning oʻziga zarar yetgani haqida keltirilgan xabarlarda aniq tasdiq yoʻq. Yongʻinning sababi va zarar koʻlami ham oshkor etilmagan.
«Sasta» raqamli dasturiy boshqaruvga ega metallga ishlov berish stanoklarini ishlab chiqaradi. Astra maʼlumotiga koʻra, korxona uskunalari mudofaa, aerokosmik, transport va ogʻir sanoatda qoʻllanadi.
Nashr zavodning Rossiya harbiy-sanoat majmuasi uchun ahamiyati tayyor qurol ishlab chiqarishda emas, balki yuqori aniqlikdagi metall detallar va uzellarni tayyorlash uchun stanoklar yetkazib berishda ekanini taʼkidlagan.
Astra korxona Kanada, Shveysariya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Yaponiya sanksiyalari ostida ekanini ham eslatgan.
Avvalroq, 25-sentabr kechqurun Rossiya qoʻshinlarining Ukrainadagi Cosmonova telekommunikatsiya operatori infratuzilmasi, jumladan, data-markaziga zarbalari ortidan Kiyevda internet va televideniye ishida uzilishlar kuzatilgan edi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3-oktabrda data-markazlar va mobil aloqa obyektlariga hujumlarni tanqid qilib, bunday zarbalar oddiy aholiga taʼsir qilishini taʼkidlagan.

