Yaroslavl NQZ yonilgʻi joʻnatishni toʻxtatdi - Reuters
Rossiyaning Yaroslavl shahridagi “Slavneft-Yaroslavnefteorgsintez” (YANOS) zavodi dronlar hujumidan keyin xom neftni qayta ishlashni toʻxtatdi. Hujum oqibatida korxona quvvatining qariyb 40 foizini taʼminlovchi asosiy qurilmalardan biri shikastlangan.

Yaroslavldagi NQZ yonilgʻi joʻnatishni toʻxtatdi — Reuters
Reuters agentligi tarmoqdagi toʻrtta manbaga tayangan holda xabar berishicha, 17-sentabr kuni Yaroslavldagi YANOS neftni qayta ishlash zavodi xom neftni qayta ishlashni toʻxtatgan.
Bunga zavodga uyushtirilgan dron hujumi natijasida AVT-3 birlamchi neftni qayta ishlash qurilmasi shikastlangani sabab boʻlgan. Uning quvvati sutkasiga 17,1 ming tonnani tashkil etadi va bu korxonaning umumiy qayta ishlash quvvatining taxminan 40 foiziga teng.
Yaroslavl viloyati gubernatori Mixail Yevrayev zavodda shikastlanish va yongʻin yuz berganini bildirgan. Yongʻinni oʻchirish bir necha soat davom etgan. Qurbonlar va jabrlanganlar haqida maʼlumot berilmagan.
Zavoddagi yana bir asosiy qurilma — AVT-4 ham 28-avgustdagi avvalgi dron hujumidan keyin taʼmirlanayotgan edi. U korxona quvvatining 33 foizini taʼminlaydi. Shu tariqa, zavodning umumiy quvvatining katta qismini tashkil etuvchi ikki asosiy qurilma bir vaqtning oʻzida ishlamay qolgan.
Reuters manbalariga koʻra, hujumdan soʻng Yaroslavl zavodida ishlab chiqarilgan yoqilgʻi Rossiya ichki tovar birjasida sotuvga chiqarilmagan.
YANOS Rossiyadagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Uning loyihaviy quvvati yiliga 15 mln tonna yoki sutkasiga qariyb 300 ming barrel neftni tashkil qiladi. 2024-yilda zavod 14,9 mln tonna neftni qayta ishlagan, jumladan, 2,6 mln tonna benzin va 4 mln tonna dizel yonilgʻisi ishlab chiqargan.
Korxona Moskva viloyatini ham yonilgʻi bilan taʼminlab kelgan.
Sentabr oyida bu Rossiyaning mazkur qismida dron hujumlari oqibatida ishini toʻxtatgan ikkinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi boʻldi. DW maʼlumotiga koʻra, 6-sentabrdan Ryazandagi NQZ ham yonilgʻi joʻnatishni toʻxtatgan.

