Dronlar Rossiyadagi ikki neft zavodiga zarba berdi
Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari Rossiya janubidagi Krasnodar oʻlkasi va Rostov viloyatida joylashgan ikki neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Krasnodar oʻlkasidagi hujum oqibatida ikki kishi halok boʻlib, yana ikki kishi jabrlangan. Rostov viloyatida esa Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodi shikastlanib, oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan.

Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning janubiy hududlaridagi neftni qayta ishlash infratuzilmasiga dronlar yordamida zarbalar berdi. Xabarlarga koʻra, hujumlar Krasnodar oʻlkasidagi Afip va Rostov viloyatidagi Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodlariga qaratilgan.
Ukrainaning monitoring kanallari Exilenova+ va Supernova, shuningdek, Astra nashrining maʼlumotlariga koʻra, Krasnodar oʻlkasidagi hujumning asosiy nishonlaridan biri Afip neftni qayta ishlash zavodi boʻlgan. Bu zavod Rossiya janubidagi eng yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil boshidan buyon Afip NQZ Ukraina dronlari hujumiga beshinchi marta uchramoqda. Bungacha zavodga 21-yanvar, 14-mart, 11-iyun va 14-iyul kunlari hujumlar uyushtirilgan.
Krasnodar oʻlkasi gubernatori Veniamin Kondratev Severskiy tumaniga uchuvchisiz apparatlar hujum qilganini tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, urib tushirilgan dronlardan birining parchalari Afipskaya temiryoʻl stansiyasi hududiga tushgan. Hujum natijasida ikki kishi halok boʻlgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Gubernator, shuningdek, "neftni qayta ishlash korxonasi hududida" yongʻin boshlanganini maʼlum qildi. Afipskiy posyolkasida kamida 10 ta xususiy uy turli darajada shikastlangan.
Shu bilan birga, Ukraina dronlari Rostov viloyatidagi bir qator obyektlarga ham hujum qildi. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar maʼlumotiga koʻra, hududga taxminan 30 ta dron bilan hujum uyushtirilgan. Uchuvchisiz apparatlar Gukovo, Kamensk-Shaxtinskiy va Novoshaxtinsk shaharlari, shuningdek, Kamensk, Tarasov va Rodionovo-Nesvetay tumanlarida qayd etilgan.
Novoshaxtinsk shahrida hujum natijasida toʻrtta xususiy uyga zarar yetgan. Kamensk tumanida 4,5 gektar maydonda oʻrmon yongʻini boshlangan, Krasnosulinsk tumanida esa quruq oʻt yongan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu hududlarda jabrlanganlar boʻlmagan.
Keyinroq Rostov viloyati rahbari Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodi ham zarbalar natijasida shikastlanganini tasdiqladi. Korxona yetkazilgan zarar sababli oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa tun davomida Rossiya hududlari, qoʻshib olingan Qrim, shuningdek, Qora va Azov dengizlari akvatoriyalari uzra jami "148 ta havo nishoni" yoʻq qilinganini bildirdi.

