Dunyo

Krasnodarda Ozon logistika markaziga dron hujum qildi

Rossiyaning Krasnodar shahridagi Ozon logistika markazi uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchradi va obyektda yirik yongʻin boshlandi. Kompaniya xodimlar evakuatsiya qilingani va ombor faoliyati toʻxtatilganini bildirdi. Mahalliy hokimiyat maʼlumotiga koʻra, dronlar hujumi oqibatida shaharning boshqa hududlarida ham vayronagarchiliklar yuz bergan, ikki bola halok boʻlgan va yana toʻqqiz kishi jabrlangan.

24-avgustga oʻtar kechasi Krasnodar shahriga uchuvchisiz uchar qurilmalar hujum qildi, natijada Ozon logistika markazida yirik yongʻin kelib chiqdi.

Ozon kompaniyasi xabariga koʻra, ombordagi barcha xodimlar evakuatsiya qilingan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, logistika markazining oʻzida hech kim jabrlanmagan. Voqea joyida favqulodda xizmatlar ishlamoqda, ombor faoliyati esa vaqtincha toʻxtatilgan.

Kompaniya yongʻin sababli ushbu markazda saqlanayotgan tovarlarga onlayn buyurtma berish vaqtincha imkonsiz boʻlishini maʼlum qildi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan sotuvchilardan yangi tovarlarni qabul qilish ham toʻxtatilgan. Shuningdek, ushbu omborga yoʻnaltirilgan logistika marshrutlari bekor qilinib, yuklarni qayta taqsimlash uchun kompaniyaning boshqa obyektlaridan foydalanilishi aytildi.

Krasnodar rahbari Yevgeniy Naumovning maʼlum qilishicha, dron hujumlarini qaytarish vaqtida uchuvchisiz apparatlar parchalari Prikubanskiy okrugidagi bir nechta manzilga tushgan. Naumovga koʻra, hodisa oqibatida ikki bola halok boʻlgan, yana toʻqqiz kishi – ikki nafar katta yoshli shaxs va yetti nafar bola jarohatlangan. Ular tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Mahalliy amaldorning versiyasiga koʻra, dron parchalari xususiy bolalar markaziga ham tushgan.

Krasnodar oʻlkasi gubernatori Veniamin Kondratev esa uchuvchisiz apparatlar parchalari turar joy binolari va qurilayotgan koʻp qavatli uylarga tushganini maʼlum qildi.

Shu kecha Stavropol oʻlkasining Nevinnomissk shahrida joylashgan Ozonʼning yana bir yirik logistika markazida ham yongʻin yuz bergani xabar qilindi.

ASTRA nashrining ochiq manbalar asosidagi tahliliga koʻra, hujumga uchragan obyektning maydoni 93,5 ming kvadrat metrdan ortiq. Markaz oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarni saqlash va saralash, buyurtmalarni jamlash hamda xaridorlarga joʻnatish uchun moʻljallangan.

Stavropol oʻlkasi gubernatori Vladimir Vladimirov havo hujumidan mudofaa kuchlari Nevinnomissk sanoat hududi tomon yoʻnaltirilgan dronlar hujumini qaytarishga harakat qilganini bildirdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.