Samarada Ozonʼning yirik omboriga dronlar hujum qildi
22-avgustga oʻtar kechasi Samara viloyatiga dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirildi. Chapayevsk shahridagi Ozonʼning yirik logistika majmuasida yongʻin chiqib, bir necha kishi jabrlangan. Kompaniya 500 dan ortiq xodim evakuatsiya qilingani va ombor faoliyati nomaʼlum muddatga toʻxtatilganini bildirdi. Shuningdek, Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodida ham dron hujumidan keyin yongʻin chiqqan boʻlishi mumkinligi…

Samarada Ozon'ning yirik omboriga dronlar hujum qildi
Samara viloyati gubernatori Vyacheslav Fedorishchevning xabar berishicha, 22-avgustga oʻtar kechasi Ukraina Qurolli kuchlari dronlar yordamida mintaqadagi Ozon logistika majmuasi va "sanoat korxonalaridan biri"ga hujum uyushtirgan.
Ushbu hujum natijasida bir necha kishi jarohat olgan va ularga tibbiy yordam koʻrsatilmoqda. Gubernatorning taʼkidlashicha, oʻnlab dronlar urib tushirilgan yoki radioelektron vositalar yordamida bostirilgan. Ommaviy hujumdan soʻng sanoat korxonasida shikastlanishlar qayd etilgan.
**Ozon 500 dan ortiq xodimni evakuatsiya qildi**
Hujumga uchragan Ozon logistika majmuasi Samara viloyatining Chapayevsk shahrida joylashgan. Bu marketpleysning Volgaboʻyidagi eng yirik obyektlaridan biri boʻlib, umumiy maydoni 135 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Ozon vakillari obyektga dronlar hujum qilganini tasdiqladi. Kompaniya maʼlumotiga koʻra, zarbadan soʻng ombor hududida yongʻin boshlangan.
Kompaniya barcha xavfsizlik tizimlari belgilangan tartibda ishlaganini va bir necha daqiqa ichida 500 nafardan ortiq xodim evakuatsiya qilinganini bildirdi. Shunga qaramay, hodisada jabrlanganlar bor.
**Ombor faoliyati nomaʼlum muddatga toʻxtatildi**
Hujumdan keyin Ozon Chapayevskdagi logistika markazi faoliyatini nomaʼlum muddatga toʻxtatdi.
Omborda saqlanayotgan tovarlar marketpleys saytida vaqtincha yashirilgan. Ushbu markazdan yetkazib berilishi kerak boʻlgan buyurtmalar bekor qilinishi aytilmoqda.
Shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan sotuvchilardan omborga yangi tovarlar qabul qilish ham vaqtincha toʻxtatilgan.
Manbaga koʻra, Ukraina dronlari avval Rossiyaning boshqa marketpleysi – Wildberries'ning ombor va logistika markazlariga bir necha bor hujum qilgan. Ammo bu Ozon'ning yirik obyektiga jiddiy zarar yetkazilgan ilk holat sifatida qayd etilmoqda.
Iyul oyi oxirida Tatarstandagi Ozon ombori ham dron hujumi hududiga tushgan, biroq oʻshanda kompaniya obyekt zarar koʻrmaganini bildirgan edi.
**Ozon ombori yaqinida mudofaa korxonalari joylashgan**
Astra Telegram-kanali maʼlumotiga koʻra, Chapayevskdagi Ozon majmuasidan taxminan bir kilometr masofada "Promsintez" va "Polimer" nomli ikki mudofaa sanoati korxonasi joylashgan.
Manbada ushbu zavodlar portlovchi moddalar, qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar ishlab chiqarishi aytilgan. Ular avval ham Ukraina raketa va dronlari hujumlariga uchragan.
**Novokuybishevsk neft zavodida ham yongʻin**
22-avgustga oʻtar kechasi Samara viloyatidagi Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodi hududida ham yongʻin kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ukrainaning Exilenova+ monitoring Telegram-kanali zavod yaqinida olingani aytilayotgan foto va videolarni eʼlon qilgan. Kadrlarda katta tutun ustuni koʻrinadi.
Astra tahlilchilari ham "Rosneft"ga qarashli korxona hududida dronlar hujumidan keyin yongʻin chiqqan, degan xulosaga kelgan.
Biroq Samara viloyati gubernatori qaysi sanoat korxonasi zararlanganini ochiq aytmagan. Shu sabab Novokuybishevsk neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilgani haqidagi maʼlumot hozircha ochiq manbalar xabarlariga asoslanmoqda.
Mazkur neftni qayta ishlash zavodi avval ham bir necha bor dronlar hujumiga uchragan va bu uning faoliyati vaqtincha toʻxtatilishiga olib kelgan edi.

