Yaman hukumati Husiylar hududini qaytarib olish boʻyicha yirik operatsiya boshlanganini eʼlon qildi
Yaman prezidentining bu bayonoti husiychilar va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya oʻrtasida oʻzaro zarbalar berilayotgan bir paytda yangradi.

Yaman hukumati Husiylar hududini qaytarib olish boʻyicha yirik operatsiya boshlanganini eʼlon qildi
Yamanning Saudiya Arabistoni tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi hukumati Eron tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi husiylardan hududlarni qaytarib olish boʻyicha yirik harbiy kampaniya boshlanganini eʼlon qildi.
Bu qadam husiylar va Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya oʻrtasida bir necha kun davom etgan oʻzaro otishmalardan soʻng amalga oshirildi. Yakshanba kuni husiylar Saudiya Arabistonining «Aramco» milliy neft kompaniyasiga tegishli obʼyektlarga zarba berganliklarini maʼlum qilishdi.
Guruhning taʼkidlashicha, ushbu zarba Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya tomonidan 12 soat davomida Yamanga berilgan 50 ta havo va raketa zarbalariga javob boʻlgan. Saudiya Arabistoni hozircha bunga munosabat bildirmadi.
Nizo sentyabr oyida, husiylar mamlakatning butun Qizil dengiz sohilini, jumladan, strategik muhim Bab al-Mandab boʻgʻozi kema qatnovi yoʻlini nazorat ostiga olib, global neft taʼminotini yanada izdan chiqarganidan keyin keskinlashdi.
Oʻn yildan ortiq vaqtdan beri husiylar nazoratida boʻlgan Yaman poytaxti Sano hukumat kuchlari guruhning harbiy qudratini zaiflashtirishga intilayotgan bir paytda davomli hujumlarga uchramoqda.
Husiylarga qarshi zarbalar Yaman boʻylab, jumladan, guruhning shimoldagi tayanchi boʻlgan Saada mintaqasiga ham tarqaldi.
Yakshanba kuni Yaman Prezidenti Rashad al-Alimiy televideniye orqali qilgan chiqishida shunday dedi: «Bugun men respublikaning qolgan hududlarini qaytarib olish hamda davlat va uning institutlari vakolatlarini butun milliy hudud boʻylab kengaytirish uchun harbiy operatsiyalar boshlanganini eʼlon qilaman».
Biroq, bu nizoning yangi bosqichini anglatadimi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.
Yamandagi front chizigʻi hamon xalqaro miqyosda tan olingan hukumat nazoratida boʻlgan muhim Taiz shahri atrofida markazlashgan.
Husiylar sohilboʻyi hududlarini va oʻz navbatida Bab al-Mandab boʻgʻozini qoʻlga kiritishga urinar ekan, ushbu hudud nazorati uchun hukumat kuchlari bilan shiddatli jang olib bormoqda.
Yakshanba kuni husiylar Taizni Yaman hukumatining muvaqqat poytaxti Adan bilan bogʻlaydigan muhim taʼminot yoʻlini toʻsib qoʻydi, deb xabar beradi AFP axborot agentligi.
AFP Yaman harbiy manbalaridan olingan maʼlumotlarga tayanib xabar berishicha, husiylar hozirda ushbu hudud va taʼminot yoʻlini nazorat qilmoqda va amalda Taizni qamal holatiga keltirgan.
«Ular Taizni toʻliq nazorat ostiga ololmagan boʻlsalar-da, uni Adan bilan bogʻlovchi yoʻlni toʻsib, harbiy maqsadlariga erishdilar», — dedi Chatham House tahlil markazi ilmiy xodimi Farea Al-Muslimiy AFP agentligiga.
Yamandan tashqarida husiylar Saudiya Arabistonining iqtisodiy hayot manbai boʻlgan neftni nishonga olish orqali ularga zarar yetkazishga intilmoqda.
Yakshanba kuni Yaman husiylari harbiy voizi Yahyo Sari guruh poytaxt Ar-Riyoddagi «Aramco» obʼyektlariga va qirollik sharqidagi neftga boy Xurays hududiga ballistik raketa va dronlar bilan hujum uyushtirganini maʼlum qildi.
«Har ikki operatsiya ham oʻz maqsadlariga muvaffaqiyatli erishdi», — dedi voiz oʻz bayonotida. «Zarbalar aniq boʻldi va nishonga olingan joylarda yirik yongʻinlarni keltirib chiqardi».
Bu guruhning Saudiya neft obʼyektlariga zarba bergani haqidagi birinchi daʼvosi emas. Saudiya Arabistoni yakshanba kungi taxmin qilingan hujumga hali izoh bermadi, ammo bundan oldin baʼzi daʼvolarni chalgʻituvchi deb rad etib, husiylarni «xayoliy gʻalabalar ketidan quvishda» masxara qilgan edi.
Shunday boʻlsa-da, bu Saudiya Arabistoni va demak, global iqtisodiyot husiylarga qarshi yangi keng koʻlamli urush boshlangan taqdirda duch kelishi mumkin boʻlgan zararlarni yana bir bor koʻrsatib turibdi.
Bunga javoban Saudiya Arabistoni ham husiylar nishonlariga zarbalar bermoqda, deb xabar beradi husiylar nazoratidagi «Al-Masirah» telekanali. Xabarda aytilishicha, yakshanba kungi zarbalar oqibatida kamida ikki kishi yaralangan.
Shanba kuni Yaman hukumati ham oʻz kuchlari mamlakat boʻylab, jumladan, Sano, Saada va janubi-gʻarbdagi Taiz yaqinidagi husiylar pozitsiyalariga zarba berganini maʼlum qildi.
Yaman dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri boʻlib, ogʻir gumanitar inqiroz girdobida qolmoqda.
Urush 2014 yilda, husiylar Saudiya Arabistoni tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi hukumatdan poytaxt Sanoni tortib olib, mamlakat shimolining katta qismini nazorat ostiga olganidan keyin boshlangan edi.
Ar-Riyod keyingi yili xalqaro koalitsiyaga boshchilik qilib, urushga qoʻshildi.
Bir necha yillik nisbiy osoyishtalikdan soʻng, Yamandagi urush joriy yilning iyul oyida Yaqin Sharqdagi keng koʻlamli nizolar fonida yana avj oldi.
Husiylar Saudiya Arabistonining energiya eksportiga toʻsiq qoʻydi, bu eksport Eron tomonidan Hurmuz boʻgʻozi yopilgani sababli allaqachon qisqarib ketgan edi.

