Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi yirik hujum tayyorlamoqda
Maqsad - Bob al-Mandib boʻgʻozi ustidan nazoratni qaytarish.

Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi katta hujumga hozirlik ko‘rmoqda
Saudiya Arabistoni yaqin haftalarda Yamandagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlashni rejalashtirmoqda. Asosiy maqsad — isyonchilarni strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandib bo‘g‘ozidan siqib chiqarish. Bu haqda 2-oktabr kuni Reuters agentligi Fors ko‘rfazi davlatlari rasmiylari va G‘arb diplomatlariga tayanib xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, hujumni Ar-Riyoz nazoratidagi Yaman kuchlari amalga oshiradi. Saudiya aviatsiyasi ularga havodan yordam beradi. Tanlangan ko‘lamga qarab, bunga 100 mingdan ortiq Yaman harbiylari jalb etilishi mumkin. Saudiya Arabistoni ittifoqchilarining jangovar harakatlarda bevosita qatnashishi kutilmayapti.
- Bob al-Mandib bo‘g‘ozi hududida tor doiradagi zarba.
- Bir vaqtning o‘zida bir nechta frontlarda — Al-Bayda, Marib, Taiz va Al-Jauf viloyatlarida olib boriladigan keng ko‘lamli hujum.
Saudiya tomoni bo‘g‘oz husiylar nazorati ostida ekan, ular bilan tinchlik muzokaralariga qaytish niyatida emasligini ma’lum qildi.
Bob al-Mandib bo‘g‘ozi dunyodagi asosiy dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi. Konteyner tashuvlarining katta qismi va dengiz orqali neft tashishning qariyb 9 foizi shu yo‘l orqali o‘tadi. Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat murakkablashgach, Saudiya Arabistoni neft eksporti uchun Qizil dengiz yo‘nalishidan faolroq foydalanishni boshladi. Husiylar nazorati allaqachon transport oqimining keskin kamayishiga, sug‘urta badallarining oshishiga va kemalarning Afrika bo‘ylab qayta yo‘naltirilishiga olib keldi.
Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi mojaro 2014-2015 yillardan beri davom etmoqda. 2022-yilda boshlangan nisbiy xotirjamlik 2026-yil iyul oyida keskin buzildi. Husiylar Saudiya Arabistoni hududini o‘qqa tutishni qayta boshladi va Yamanning g‘arbiy qirg‘og‘ida hujumga o‘tdi. Sentabr oyining o‘rtalariga kelib, ular asosiy nuqtalarda, jumladan, Moxo tumani va Perim orolida o‘rnashib oldilar va Qizil dengizning janubiy kirish qismi ustidan amalda nazorat o‘rnatdilar.

