Yaman rahbari husiychilar hujumi fonida safarbarlikka chaqirdi
Yaman Prezidentlik rahbarlik kengashi raisi Rashad al-Alimiy husiychilar bilan mojaro keskinlashgani sababli fuqarolarni safarbarlikka va hukumat qoʻshinlari safiga qoʻshilishga chaqirdi. U husiychilar safini tark etib, hukumat tomoniga oʻtadiganlar yaqinlashib kelayotgan amnistiya doirasida afv etilishini bildirdi.

Yaman rahbari husiychilar hujumi sharoitida safarbarlikka chaqirdi
DW xabariga ko‘ra, al-Alimiy 25-sentabr, juma kuni mamlakat aholisiga murojaat qilib, fuqarolarni Yaman mudofaasiga hissa qo‘shishga undagan.
Murojaat Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiychilar bilan davom etayotgan mojaro yanada keskinlashgan pallada yangradi. Bir necha hafta avval husiychilar hukumat qo‘shinlariga zarbalar bergan. Nashr yozishicha, Saudiya Arabistoni harbiy aviatsiyasi ko‘magiga qaramay, Yaman armiyasi chekinishda davom etmoqda.
DW ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi oylarda husiychilar Yamanning Qizil dengiz bo‘yidagi butun qirg‘og‘ini, shuningdek, Bob al-Mandab bo‘g‘oziga tutash hududlarni egallagan.
Nashr qayd etishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri ushbu bo‘g‘ozning strategik ahamiyati oshgan. U Hormuz bo‘g‘ozi blokadasi sabab neft yetkazib berishda yuzaga kelgan uzilishlarni qisman qoplash imkonini beruvchi muqobil savdo yo‘li sifatida ishlatilmoqda.
Maqolada husiychilarning harbiy yutuqlari Eron va uning ittifoqchilariga mintaqadagi muhim suv yo‘llari ustidan nazoratni mustahkamlash imkonini bergani ta’kidlangan. Bu Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarning jahon bozoriga neft eksportiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Isyonchilar hujumlari xalqaro savdo yo‘llariga tahdid solib, elektr energiyasi narxlari oshishiga ham turtki bermoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, husiychilarning oldinga siljishiga Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbarlik qilmoqda. Agentlikning Tehrondagi manbalari Eron shu yo‘l bilan AQSHga qarshi qarama-qarshilikda yangi front ochishga intilayotganini aytgan.
Yamanda 2014-yildan beri fuqarolar urushi davom etmoqda. Mojaro mamlakatning amalda o‘zaro kurashayotgan uch tomon o‘rtasida bo‘linib ketishiga olib kelgan.
Husiychilar mamlakatning shimoliy va g‘arbiy viloyatlarini, jumladan, poytaxt Sanoni egallagan. DW ma’lumotiga ko‘ra, ular nazoratidagi hududlarda Yaman aholisining qariyb 70 foizi yashaydi.
Sentabr boshida husiychilar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarini kengaytirishini e’lon qilib, Saudiya Arabistoni janubidagi to‘rt shaharga zarba bergan. Keng ko‘lamli hujum oqibatida 70 dan ortiq kishi jabrlangan, neft obyektlarida yong‘inlar chiqqan.

