Iqtisodiyot

Xitoy sanoatidagi robotlar soni 2 milliondan oshdi

2025-yilda dunyo boʻylab rekord darajada - 603 mingta sanoat roboti oʻrnatilgan. Shundan 354,2 mingtasi yoki qariyb 59 foizi Xitoy hissasiga toʻgʻri kelgan. Mamlakat foydalanishdagi sanoat robotlari soni boʻyicha ham yetakchilikni saqlab qolmoqda.

Xitoy sanoatidagi robotlar soni 2 milliondan oshdi

Statista taqdim etgan materialda Xalqaro robototexnika federatsiyasi — IFRning World Robotics 2026 hisobotiga tayangan holda, Xitoyda faoliyat yuritayotgan sanoat robotlari soni ikki milliondan oshgani qayd etilgan.

Dunyoning eng yirik ishlab chiqarish markazi sanaladigan Xitoy yangi robotlarni joriy etish hajmi bo‘yicha AQSH va Yaponiyani ancha ortda qoldirgan.

Mamlakatning jahonda yangi sanoat robotlari o‘rnatilishidagi ulushi yillar davomida oshib borgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yilda 32 foiz, 2022-yilda 52 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda 59 foizga yetgan.

Xitoyning sanoatni modernizatsiya qilishdagi yutuqlari o‘n yil avval boshlangan robototexnikani rivojlantirish bo‘yicha milliy strategiya bilan bog‘lanmoqda.

2026–2030-yillarga mo‘ljallangan 15-besh yillik reja doirasidagi yangilangan strategiya sun’iy intellektni jismoniy dunyoda qo‘llashga oid tadqiqotlarga e’tiborni kuchaytirishni nazarda tutadi. Robotlar iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Biroq o‘rnatilgan robotlarning umumiy soni va «robotlashtirish zichligi» bir-biridan farq qiladigan ko‘rsatkichlardir. IFR robotlashtirish zichligini qayta ishlash sanoatidagi har 10 ming nafar xodimga to‘g‘ri keladigan sanoat robotlari soni orqali hisoblaydi.

Materialdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy bu ko‘rsatkich bo‘yicha 22-o‘rinda turadi. Mamlakat sanoatida bandlar soni 120 milliondan oshgani sababli, 2024-yilda har 10 ming nafar xodimga 166 ta sanoat roboti to‘g‘ri kelgan.

Avtomobilsozlik va elektronika sanoati rivojlangan Janubiy Koreya, Germaniya va Yaponiyada esa sanoat xodimlari soni nisbatan kamroq bo‘lgani uchun robotlashtirish zichligi yuqoriroq qayd etilgan.

Bu yo‘nalishda Janubiy Koreya katta farq bilan dunyo yetakchisiga aylangan: 2024-yilda mamlakatda har 10 ming nafar sanoat xodimiga 1220 ta robot to‘g‘ri kelgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.