Iqtisodiyot

Xitoy sabab 2026-yil oxirigacha 300 ming kishi ishsiz qolishi mumkin

Xitoy tufayli 2026-yil oxirigacha 300 ming kishi ishsiz qolishi mumkin

Yevropa Ittifoqi sanoatida ish o‘rinlari qisqarishi tez sur’atlarda kuchayishi ehtimoli bor. Bunga Bryussel Xitoy butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilari tomonidan sanoatning “mustamlakaga aylantirilishi”ni to‘xtatmagani sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda yetakchi sanoat kasaba uyushmasi ogohlantirdi.

Eurometal tashkiloti Xitoy bilan raqobat kuchaygani ortidan 2026-yilning qolgan qismida 300 mingta ish o‘rni qisqarishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Ayni paytda Xitoyning ushbu blok bilan savdodagi kunlik profitsiti rekord darajaga — 1 milliard yevroga yetgan.

Yevropa ishlab chiqaruvchilari Yevropa Komissiyasi xavfni to‘liq anglamayotganidan xavotirda. Ularning aytishicha, Xitoy ta’minot zanjirlariga ehtiyot qismlar sotish orqali kirib bormoqda va Yevropa sanoatini “yutib yubormoqda”.

“Xitoy nima qilayotganini yashirmayapti. Bu ularning besh yillik rejasida bor”, dedi Eurometal prezidenti Aleksandr Yulius Guardian nashriga.

“Xitoy xomashyo yetkazib beruvchi bo‘lishni xohlamaydi. Mamlakat tayyor mahsulot yetkazib berishni istaydi. Ular asosiy mahsulot zanjirlarida bo‘lishni xohlaydi. Chunki ta’minot zanjirini nazorat qilsa, butun qiymat zanjiriga egalik qilishini biladi”, deya qo‘shimcha qildi u.

U Yevropa Komissiyasidan Xitoy eksportining ehtiyot qismlar darajasidagi ta’sirini to‘liq tushunishni so‘ramoqda. Bunga ishlab chiqarishning 90 foizida ishlatiladigan metallar va kimyoviy moddalar kiradi.

Yevropa Ittifoqi elektromobillar bo‘yicha allaqachon choralar ko‘rgan. 2024-yilda Xitoy importiga bojlar joriy etilgan edi. Iyun oyida esa po‘lat importiga yuqoriroq bojlar kiritildi. Blokning savdo komissari Marosh Shefchovich YI va Xitoy o‘rtasidagi yillik 360 milliard yevrolik savdo tengsizligi “bardosh berib bo‘lmaydigan” holat ekanini aytdi. Ikki tomon savdo urushining oldini olish uchun oktyabrda yakunlanadigan uch oylik muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.

“Germaniya kabi boshqa joylarda ham ishchilar sanoatdagi ish o‘rinlarini yo‘qotmoqda. OAV va siyosatchilar oqibatni ko‘rmoqda, ammo bunga sabab bo‘layotgan ‘virus’ga qarshi kurashmayapti. Ular nima uchun bu sodir bo‘layotganini yoki kompaniyalar nima uchun Xitoy yoki Hindistonga ko‘chib o‘tayotganini hamda kasodga uchrayotganini tushunmayapti”, dedi Yulius.

Ushbu “virus” tarqalishiga sharoit yaratayotgan omillardan biri Yevropa metall ishlab chiqaruvchilarining xarajatlari oshganidir. Ular po‘lat importiga bojlar hamda energiya ko‘p sarflaydigan sohalar uchun uglerod chiqindilari soliqlarini to‘lamoqda.

Xitoyda ishlab chiqarilgan ehtiyot qismlar bunday to‘lovlarga duchor bo‘lmaydi. Yuliusning qo‘shimcha qilishicha, bu holat va Xitoy valyutasi — yuanning past baholanishi xitoylik raqobatchilar bilan bellashishni qiyinlashtirmoqda.

Kompaniyalar aksiyadorlarni qanoatlantirishi kerak. Ular Bryusseldan chiqayotgan siyosiy fikrlarga qaramay, Xitoydan mahsulot sotib olishda davom etaveradi.

“Ishlab chiqarish Yevropani tark etsa, mintaqa faqat mahsulot tayyorlashni emas, balki investitsiyalar, bilimlarni va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ham yo‘qotadi”, dedi Eurometal namoyish oldidan.

Yevropa Komissiyasining iyun oyidagi tahlilida yuqori energiya xarajatlari va global raqobat sababli 1 milliondan ortiq ish o‘rni yo‘qolishi taxmin qilingan edi. Bunga Germaniyaning Volkswagen avtoishlab chiqaruvchisi o‘tgan haftada tasdiqlagan 100 mingta ish o‘rnini qisqartirish rejasi ham kiradi.

Xitoy Yevropani bir necha bor proteksionizmda ayblagan. 2026-yil boshidagi Xitoyning Sinxua nashri xabariga ko‘ra, mamlakat YI Xitoy kompaniyalari yoki mahsulotlarini nishonga olishda davom etsa, qat’iy qarshi choralar ko‘rish bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng YI va Xitoy uch oylik kelishuvga erishgan.

Kuni kecha Mercedes-Benz rahbariyati xodimlar xarajatlarni qisqartirishga rozi bo‘lmasa, Germaniyadagi zavodlardan birini yopib, ishlab chiqarishni Sharqiy Yevropaga ko‘chirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, kompaniya rahbariyati xodimlarga beriladigan ayrim to‘lovlarni, jumladan, ta’til puli va Rojdestvo bonuslarining bir qismini bekor qilishni, shuningdek, haftalik 35 soatlik ish vaqtini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Rahbariyat Germaniyadagi korxonalarda mehnat xarajatlarining yuqoriligi kompaniyaning raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblamoqda. Bunga, xususan, Mercedes-Benz avtomobillarining savdosi, ayniqsa, Xitoy bozorida pasaygani sabab bo‘lmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.