Iqtisodiyot

Yevropa qarib bormoqda: 2050-yilga borib har uchinchi inson pensioner boʻladi

Yevropa Ittifoqi aholisining qarishi qit’a kelajagidagi eng katta demografik muammolardan biriga aylanmoqda. Yevrokomissiya e’lon qilgan yangi hisobotga koʻra, 2050-yilga borib Yevropa Ittifoqida yashovchi har uchinchi insonning yoshi 65 dan oshadi. Bu esa mehnat resurslari qisqarishi, ijtimoiy xarajatlar ortishi va iqtisodiy oʻsish sur’atlariga bosim kuchayishini anglatadi.

Hisobotga koʻra, 2026-yilda Yevropa Ittifoqi aholisi 450,6 million nafarni tashkil etadi. Biroq bu koʻrsatkich 2050-yilga kelib 445 millionga, asr oxiriga borib esa 398,8 million nafargacha kamayishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 80 yoshdan oshganlar ulushi hozirgi 6 foizdan 2100-yilga borib 15 foizgacha oʻsishi prognoz qilingan. Oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi esa hozirgi 81,5 yoshdan yanada oshib, ayollarda 90, erkaklarda 86 yoshdan yuqori boʻlishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, keksalar sonining oʻsishi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlariga katta bosim yuklaydi. Uzoq muddatli parvarishga muhtoj aholi soni 2025-yildagi 36 million nafardan 2070-yilga kelib 48 million nafarga yetadi. Shu bois Yevropa davlatlarining ushbu sohaga sarflaydigan xarajatlari umumiy yalpi ichki mahsulotning 1,7 foizidan 2,5 foizigacha oshishi mumkin.

Demografik oʻzgarishlar mehnat bozorida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Yevrokomissiya ma’lumotlariga koʻra, hozirning oʻzida mehnatga layoqatli aholining qariyb 20 foizi ish bilan ta’minlanmagan. Qolaversa, 8 millionga yaqin yoshlar na oʻqiydi, na ishlaydi va na kasbiy tayyorgarlikdan oʻtadi. 2024-yilda mehnat yoshidagi 37,9 million ayol iqtisodiy nofaol yoki ishsiz boʻlgan.

Hisobotda qayd etilishicha, 2025–2050-yillar oraligʻida 15–64 yoshli aholi har yili oʻrtacha 1,2 mln nafarga qisqarib boradi. Shu bilan birga, Yevrokomissiya ushbu jarayonni faqat xavf sifatida emas, balki mehnat bozorini modernizatsiya qilish, tibbiyot, innovatsiyalar va “uzoq umr iqtisodiyoti”ni rivojlantirish uchun yangi imkoniyat sifatida ham baholamoqda.

Avvalroq 2005-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan 20 yillik davrda YI aholisi 435 milliondan 451 millionga yetgani, o‘sish 4 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. Bu davrda 19 ta davlatda aholi soni ko‘paygan, 8 ta davlatda esa kamaygan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.