Iqtisodiyot

Koreya kompaniyasi O‘zbekistonda robotlar ishlab chiqariladigan zavod qurilishiga 100 mln dollar sarflaydi

Koreya kompaniyasi O‘zbekistonda robotlar ishlab chiqariladigan zavod qurilishiga 100 mln dollar yo‘naltiradi

Koreyaning robotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ROBOTIS kompaniyasi O‘zbekistonga qariyb 100 million dollar sarmoya kiritib, robotlar ishlab chiqaradigan zavod barpo etmoqda. Bu haqda Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi elchisi Von Do Yon “O‘zbekiston 24” telekanalining “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Ishonchim komilki, kelajakda sunʼiy intellekt, farmatsevtika, biotexnologiya va boshqa shu kabi istiqbolli, yuqori texnologiyali sohalarda bundan-da ko‘proq qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi”, dedi u O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligidagi loyihalar haqida gapirar ekan.

1999-yilda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning ROBOTIS kompaniyasi avtonom robototexnika yo‘nalishida dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Uning texnologiyalaridan Amazon, Microsoft, Apple, NASA, Google, Samsung va BMW kabi dunyoga mashhur gigantlar keng foydalanib kelmoqda.

Toshkent shahridagi “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida ushbu kompaniya tomonidan gumanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurilishiga 2026-yil iyun oyida start berilgandi. Loyiha doirasida mingdan ortiq malakali ish o‘rni yaratilishi, shuningdek, ilg‘or xorijiy texnologiyalar va tajribalar transferi yo‘lga qo‘yilishi kutilayotgani ma’lum qilingandi.

Jizzaxdagi Kia avtomobil zavodi o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirayotganini, Yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilishi loyihasida Incheon International Airport asosiy hamkor sifatida ishtirok etayotganini, Koreyada ishlab chiqarilgan Jaloliddin Manguberdi tez yurar poyezdlari harakati yo‘lga qo‘yilganini qayd etib o‘tdi. Elchi an’anaviy sohalarga sarmoyalar oqimi o‘sishda davom etishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Koreya bilan alohida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan yagona mamlakat bo‘lib, Von Do Yon Koreya uchun O‘zbekiston bilan hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtaldi.

“Koreya Respublikasi o‘nlab davlatlar bilan emas, balki bor-yo‘g‘i to‘rtta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi bilan alohida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatgan. Bu Koreyaning O‘zbekiston bilan aloqalarga naqadar katta ahamiyat qaratishidan dalolat beradi. Koreya—O‘zbekiston munosabatlarining o‘ziga xosligi, avvalo, mamlakatlarimiz bir-biriga ishonchi va samimiy munosabatidir”, dedi elchi.

Uning qayd etishicha, hozirgi kunda 100 mingga yaqin O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Koreyada ish yoki o‘qish maqsadi bilan bo‘lib turibdi. So‘nggi paytlarda O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan koreyslar soni ham sezilarli darajada ortdi. Munosabatlarning o‘ziga xos tabiati ikki mamlakat iqtisodiyotining xususiyatlari bilan ham bog‘liq. Koreya yuksak texnologik taraqqiyot darajasiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston nafaqat boy tabiiy resurslarga, balki ko‘p sonli yosh, malakali kadrlarga ham ega. Mamlakatlar o‘zaro manfaatdorlik asosida birgalikda rivojlanish uchun ulkan salohiyatga ega.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.