Xitoy kompaniyasi Pentagonni sudga berdi
Kompaniya oʻzining Xitoy harbiy sektorini qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar “qora roʻyxati”ga kiritilganidan norozi.

Xitoyning ChangXin Memory Technologies (CXMT) xotira mikrosxemalari ishlab chiqaruvchisi Pentagon ustidan sudga murojaat qildi.
Kompaniya oʻzining Xitoy harbiy sektorini qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilganidan noroziligini bildirdi.
CXMT va Yangtze Memory Technologies (YMTC) kompaniyalari AQShning "qora roʻyxati"ga kiritilgan boʻlib, Pentagon ularni Xitoy harbiy sektoriga aloqador tuzilmalar sifatida tasniflagan. Ushbu cheklovlarga koʻra, AQSH kompaniyalarining ularga texnologiyalar berishi va ular bilan mahsulotlarning texnik tavsifini muhokama qilishi taqiqlanadi.
Kolumbiya okrugi sudiga berilgan daʼvoda aytilishicha, Pentagonning qarori "oʻzboshimchalik" boʻlib, hech qanday asosga ega emas va kompaniyaning tegishli huquqlarini buzadi. CXMT oʻzining DRAM chiplari faqat fuqarolik va tijorat foydalanuvchilari uchun: smartfonlar va kompyuterlardan tortib sunʼiy intellekt uchun moʻljallanganligini taʼkidladi.
"Harbiy kompaniya" maqomi uning obroʻsi va tijoriy faoliyatiga jiddiy zarar yetkazishi qayd etilgan.

