Xitoylik hakerlar sun’iy intellekt yordamida Tayvan hukumati resurslarini buzib kirdi
Ular foydalanuvchilarining kamida 85 ta akkauntini buzib kirib, xodimlarga oid 2,5 mingdan ortiq yozuvni o‘g‘irlagan. Shundan so‘ng hujumni Tayvan yadro xavfsizligi agentligi va kamida yettita energetika kompaniyasiga ham yoygan.

Xitoylik xakerlar sun’iy intellekt (SI) vositalaridan foydalanib, Tayvan hukumatining resurslariga kiberhujum uyushtirdi. Bu haqda Financial Times nashri Isroilning kiberxavfsizlik bo‘yicha Dream kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Hujumni birinchi bo‘lib aniqlagan tadqiqotchilarning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, tajovuzkorlar ochiq kodli sakkiztagacha SI agentidan foydalangan. Ular buzib kirish vositalarini yaratish uchun muvofiqlashtirilgan kiberjamoa sifatida harakat qilgan.
Iyul oyi boshida SI agentlari 21 ta hukumat tizimining zaifliklarini aniqlash maqsadida xaritasini tuzgan. Ular ushbu tizimlarning kamida 85 ta foydalanuvchi akkauntini buzib kirib, xodimlarga oid 2,5 mingdan ortiq yozuvni o‘g‘irlagan. Shundan so‘ng hujum Tayvan yadro xavfsizligi agentligi va kamida yettita energetika kompaniyasiga ham yoyilgan.
Dream kompaniyasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlatlardan biriga buzg‘unchilik haqida xabar berganini, biroq aynan qaysi davlat ekanligini aniqlashtirmaganini ma’lum qildi. FT manbalari hujum aynan Tayvanga qaratilganini tasdiqlamoqda. Hakerlarning Xitoy bilan aloqadorligi hujumga oid ichki yozishmalarda soddalashtirilgan xitoy tilidan foydalanilgani bilan izohlanadi.
Xitoy hukumati vakillari gazetaning izoh berish haqidagi so‘rovini javobsiz qoldirdi. Tayvan Raqamli texnologiyalar vazirligi esa ma’lumotlar maxfiyligini sabab qilib, ushbu buzg‘unchilik yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

