AQSH Xitoyni yirik kiberhujumlarda aybladi: nishonda NASA va Senat bor

Qo‘shma Shtatlar Xitoyni yirik kiberhujumlarda aybladi, bu hujumlar nishonida NASA va Senat kabi muhim tashkilotlar bo‘lgan. AQSH rasmiylari Xitoyga aloqador hakerlar tarmog‘ining faoliyatini to‘xtatdi, ular mamlakatning davlat tashkilotlari va maxfiy idoralariga kiberhujumlar uyushtirgan. Reuters xabariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi hakerlik operatsiyalarida ishlatilgan QScan va QTRouter platformalariga tegishli domenlarni musodara qilganini ma’lum qildi.
Hujumlar Adliya va Energetika vazirliklari, NASA, Federal zaxira tizimi, Senat, shuningdek, Sog‘liqni saqlash xizmati va Milliy salomatlik institutlarini nishonga olgan. Bundan tashqari, AQSH va Janubiy Koreyadagi to‘rtta xususiy kompaniya ham kiberhujumdan zarar ko‘rgan.
Adliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu platformalar Xitoyda joylashgan Nanjing Xinjiuwei Network Technology kompaniyasi tomonidan boshqarilgan. Ushbu firma Xitoy Davlat xavfsizligi vazirligi va Xalq ozodlik armiyasi kabi razvedka va harbiy tuzilmalar tomonidan foydalanilgan.
FBQ va Milliy xavfsizlik agentligi (NSA)ning bildirishicha, hakerlar kamida 2018-yildan beri muhim infratuzilmalarga kirishga urinib kelgan. Ular 2024-yil may oyida mudofaa pudratchilari, moliya muassasalari va universitetlardan ma’lumotlarni muvaffaqiyatli o‘g‘irlagan. 2026-yil mart oyida esa AQSH Senati va shifoxona tarmoqlariga kirishga harakat qilgan, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi barcha ayblovlarni rad etdi. Elchixona vakili Pekin har qanday kiberhujumga qarshi ekanini va AQSH milliy xavfsizlik tushunchasini suiiste’mol qilib, Xitoy kompaniyalariga nisbatan kamsituvchi cheklovlar kiritayotganini ta’kidladi.
Avvalroq eronlik hakerlar Buyuk Britaniyadagi elektr stansiyasini ishdan chiqargani haqida xabar berilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, obyekt to‘rt kun davomida ishlamagan va shu vaqt mobaynida xodimlar uning faoliyatini qayta tiklashga harakat qilgan. Britaniya hukumati xavfsizlik nuqtayi nazaridan hujumga uchragan elektr stansiyasining nomini oshkor qilmagan.

