Xitoy Hindiston bilan bahsli chegara hududida o‘z pozitsiyasini kuchaytirmoqda (foto)

Xitoy Hindiston bilan bahsli chegara hududida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda (foto)
Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi chegara hududida joylashgan olis qishloqlarda aholi xavotirga tushgan. Mahalliylar Xitoy harbiylari ularni ajdodlaridan meros qolgan ov va yaylov yerlardan siqib chiqarayotganini aytmoqda.
The Independent qo‘lga kiritgan sun’iy yo‘ldosh suratlari Arunachal Pradesh shtatidagi bahsli chegara yaqinida harbiy infratuzilma jadal kengayayotganini ko‘rsatdi. Tasvirlarda yangi binolar, yo‘llar, texnikalar va vertolyot maydonchalari yaqqol ko‘rinadi.
Janes razvedka kompaniyasi tahlilchilariga ko‘ra, bu obyektlarning ayrimlari ikki davlat ham o‘ziga tegishli deb hisoblaydigan bahsli hudud ichida joylashgan. Tahlilchilar Yoxan Subansiri vodiysida 2019-yildan beri qurilish ishlari davom etayotganini bildirdi. U yerda sement zavodi o‘rnatilgan va harbiy bazaga o‘xshash inshootlar qurilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil fevral va avgust oylari oralig‘ida yangi transport yo‘llari hamda kattaroq vertolyot maydonchalari ishga tushirilgan.
Bu xabarlar Xitoy raisi Si Szinpinning BRICS sammiti doirasida Nyu Dehliga tashrifi arafasida paydo bo‘ldi. Dehli va Pekin chegaradagi vaziyat barqarorligini ta’kidlab, keskinlik borligini inkor etishga urinmoqda. Ammo mahalliy aholi va jamoat tashkilotlari bergan ma’lumotlar butunlay boshqacha manzarani ko‘rsatadi.
Tagin talabalar uyushmasi va mahalliy faollar chegara yaqinidagi Taksing va Gelemo qishloqlarida uch kunlik surishtiruv o‘tkazdi. Ular tayyorlagan hisobotga ko‘ra, Hindiston armiyasi ortga chekinmoqda, Xitoy harbiylari esa oldinga siljimoqda.
Shuningdek, 2026-yil iyunidan boshlab mahalliy aholiga yaylovlar va muqaddas ziyoratgohlarga borish Xitoy armiyasi tomonidan taqiqlangan. Qishloqlarda elektr energiyasi, yo‘l va shifoxonalar yo‘qligi sababli aholi chegara hududlarini tark etishga majbur bo‘lmoqda.
“Bu esa Xitoy harbiylariga bo‘shab qolgan yerlarni osonlik bilan egallab olish uchun sharoit yaratmoqda”, deyiladi xabarda.
Mahalliylar hukumatdan yerlarni himoya qilish uchun qurol berishni so‘ramoqda va o‘zlarini mamlakatning “ko‘zi hamda qulog‘i” deb atamoqda.
Javaharlal Neru universiteti eksperti Xitoyning bu harakatlarini “salyami (kolbasa) kesish” strategiyasi deb baholamoqda. Bunda mamlakat birdaniga katta urush boshlamaydi, balki asta-sekin, kichik qadamlar bilan neytral yoki bahsli hududlarni egallab boradi.
Hindiston armiyasi bu xabarlarni asossiz deb rad etgan bo‘lsa-da, Dehli chegara muammosi ikki mamlakat aloqalariga ta’sir qilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Pekin rasmiylari esa vaziyat nazorat ostida ekanini bildirdi.
Avgust oyida Xitoy va Hindiston ikki davlat o‘rtasidagi Himolay chegarasida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, shuningdek, chegara masalasini adolatli va o‘zaro maqbul tarzda hal qilishga intilishini yana bir bor tasdiqlab, 8 banddan iborat kelishuvga erishgandi.

