Dunyo

Xitoy bahsli hududda sun’iy orol qurmoqda

Xitoy bahsli hududda sun’iy orol qurish ishlarining birinchi bosqichini yakunladi. Bu obyekt Parasel arxipelagidagi Antelop rifida joylashgan bo‘lib, tahlilchilarning fikricha, u mamlakatning eng yirik harbiy bazasining bir qismiga aylanadi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Nashr tomonidan ko‘rib chiqilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, olti oylik qurilish ishlaridan so‘ng kemalar va dredjerlar (suv tubidagi loy, qum, shag‘al va tuproqni kavlab olish hamda tozalash uchun mo‘ljallangan maxsus texnika yoki kema) hududni tark etgan. Vantor kompaniyasi tomonidan 19-iyulda olingan suratlarda orolning janubi-sharqiy qismida vertolyot maydonchasi va boshqa binolar qurilishi boshlangani ko‘rinadi.

Xitoy Mudofaa vazirligi bu holat bo‘yicha izoh bermadi. Rasmiy OAVga ko‘ra, bu obyekt ob-havo prognozi va ilmiy tadqiqotlar kabi fuqarolik ehtiyojlariga xizmat qiladi. Biroq ekspertlar orol Xitoyning mintaqadagi harbiy mavqeyini mustahkamlashiga ishonch bildirmoqda.

Orolning uzunligi deyarli 6 kilometrni tashkil etadi. U yerdagi 3 kilometrdan ortiq to‘g‘ri qirg‘oq chizig‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etilishi mumkin. Shuningdek, u yerda 680 metrlik chuqur suv porti ham qurilgan.

Antelop rifi Tayvan bilan mojaro yuzaga kelgan taqdirda muhim strategik nuqtaga aylanadi. Mutaxassis Ben Lyuisning fikricha, u yaqinroqdagi Vudi orolidan kattaroq va mudofaa uchun qulayroqdir.

Xitoylik olim Din Duo esa bu ishlarni tinchliksevar maqsadlarda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Biroq Vyetnam bu harakatlarga keskin qarshilik bildirib, orol ustidan o‘z suverenitetini da’vo qilmoqda.

Orol Xitoyga suvosti kemalarini va atrofdagi harbiy harakatlarni kuzatishda katta ustunlik beradi. Avstraliyalik professor Karl Tayerning aytishicha, bu obyektlar tinchlik davrida AQSH va uning ittifoqchilarini kuzatishni osonlashtiradi, urush paytida esa qo‘shimcha murakkabliklar tug‘diradi.

Avvalroq Filippin va Xitoy dengizdagi to‘qnashuv sabab bir-birining elchilarini chaqirtirgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli hududda ro‘y bergan to‘qnashuv va harbiylarning jarohat olishi Manila hamda Pekin o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni keskinlashtirib yuborgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.