Xarkivga tungi hujumda kamida 22 kishi jabrlandi
Rossiyaning Xarkivga tungi hujumi oqibatida koʻp qavatli turarjoy qisman vayron boʻldi, kamida 22 kishi, jumladan, sakkiz nafar bola jabrlandi. Sakkiz va 12 yoshli ikki oʻgʻil bola shifoxonaga yotqizildi.

Xarkivga tungi hujum oqibatida kamida 22 kishi jarohat oldi
Bu haqda 28-sentabr, dushanba kuni ertalab Xarkiv viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubov hamda shahar meri Igor Terexov oʻz Telegram kanallarida xabar berdi.
Terexovning aytishicha, shaharning shimoli-sharqidagi Kiyev va Saltov tumanlariga boshqariladigan aviabombalar bilan zarba berilgan. Natijada bir nechta koʻp qavatli uy zarar koʻrgan.
Mer vaziyat markazi maʼlumotlariga tayangan holda, Saltov tumanida aviabomba toʻgʻridan-toʻgʻri koʻp kvartirali turarjoy binosiga tushganini maʼlum qilgan.
«Zarba koʻp kvartirali uyning ikkinchi qavatiga toʻgʻri kelgan. Turarjoyning ikkinchi va uchinchi qavatlari vayron boʻlgani qayd etildi», - deya aniqlik kiritgan Sinegubov.
Rossiya armiyasi bundan avvalgi tunda ham Ukrainaga hujum qilgan. Kiyevda Rossiya dronlari hujumi oqibatida bir erkak halok boʻlgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati maʼlumotiga koʻra, qutqaruvchilar uning jasadini shaharning Solomensk tumanidagi noturar binoda chiqqan yongʻinni oʻchirish chogʻida topgan. Binoda dron zarbasidan keyin yongʻin kelib chiqqan.
Shuningdek, 27-sentabr oqshomida Kiyev yaqinidagi Sofiyevskaya Borshchagovka qishlogʻida bozorga dron kelib tushishi natijasida ikki kishi halok boʻlgan, yana toʻrt kishi yaralangan. Bu dastlabki maʼlumotlarni Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichko eʼlon qilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning aytishicha, oʻsha kuni Kiyevning bir nechta tumanida dron zarbalari qayd etilgan, oʻnlab odamlar jabrlangan.
«Kechadan buyon rossiyaliklar turli rusumdagi jami 277 ta zarba beruvchi dronni qoʻlladi. Ularning 155 tasi reaktiv dronlar», - degan Zelenskiy.

