Kiyevga tungi raketa hujumida kamida 12 kishi jarohatlandi
Rossiya 17-sentabrga oʻtar kechasi Kiyev va Odessaga hujum qildi. Ukraina rasmiylariga koʻra, Kiyevda kamida 12 kishi, jumladan 10 va 12 yoshli ikki bola jarohatlangan. Odessada esa uch kishi, ular orasida toʻrt yoshli bola yaralangan. Bir kun avval Sumiga berilgan zarbalar oqibatida bir kishi halok boʻlib, toʻqqiz kishi jarohatlangan.

Kiyevga tungi raketa zarbasida kamida 12 kishi jarohat oldi
Rossiya qoʻshinlari 17-sentabr, payshanbaga oʻtar kechasi Ukraina poytaxti Kiyevga keng ko‘lamli raketa hujumini uyushtirdi.
Kiyev meri Vitaliy Klichko bergan maʼlumotga koʻra, hujum oqibatida kamida 12 kishi jarohatlangan. Ular orasida 10 va 12 yoshli ikki bola ham bor. Jabrlanganlarning toʻqqiz nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Keyinroq Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati jarohat olgan 10 yoshli bola qiz ekanini maʼlum qildi.
Hujum sabab Ukraina poytaxtining bir nechta tumanida binolar zarar koʻrdi. Shahar harbiy maʼmuriyatiga koʻra, Solomenskiy va Dnipro tumanlarida omborxonalar shikastlangan. Dnipro tumanida turar joy binosi ham zarar koʻrgan.
Klichko maʼlumotlariga koʻra, shu tumandagi uch qavatli ofis binosining fasadi va oynalari shikastlangan. Bir nechta turar joy binosining derazalari singan. Svyatoshinskiy tumanida esa noturar joy binosi zarar koʻrgan.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati Goloseyevskiy tumanidagi toʻrt qavatli oliy taʼlim muassasasi binosining fasadi va oynalari ham shikastlanganini bildirdi. Qaysi oliygoh ekani ochiqlanmagan. Ushbu hodisada halok boʻlgan yoki jarohatlanganlar qayd etilmagan.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari 17-sentabrga oʻtar kechasi Kiyev tomon raketalar harakatlanayotgani haqida ogohlantirgan edi.
Oʻsha kechasi Rossiya Odessaga ham hujum qildi. Odessa shahar harbiy maʼmuriyati rahbari Sergey Lisakning aytishicha, zarba oqibatida kamida uch kishi jarohatlangan.
Jabrlanganlar orasida toʻrt yoshli bola ham bor. Lisakning bildirishicha, ularning barchasiga zarur tibbiy yordam koʻrsatilmoqda.
Shahar harbiy maʼmuriyati rahbari hujum natijasida Odessada koʻp qavatli bino ham shikastlanganini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, 16-sentabr kuni kechqurun Rossiyaning Sumi shahriga aviahujumlari oqibatida bir kishi halok boʻlgan, yana toʻqqiz kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlar orasida ikki nafar bola bor.

