Ukrainaga tungi hujum: bir kishi halok boʻldi, yaradorlar bor
Rossiya armiyasi 27-avgustga oʻtar kechasi Kiyev, Zaporijjya, Kriviy Rix va Xarkiv shaharlari, shuningdek, Sumi va Poltava viloyatlariga hujum qildi. Mahalliy hokimiyat maʼlumotlariga koʻra, hujumlar oqibatida kamida bir kishi halok boʻlgan, bir necha kishi jarohatlangan.

Ukrainaga tungi hujumlar natijasida bir kishi halok boʻldi, bir necha kishi yaralandi.
Sumi viloyatining Romni hududiy jamoasi hujumga uchradi. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Grigorovning xabar berishicha, turar joy binosiga berilgan zarba oqibatida 66 yoshli ayol vafot etgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hududga toʻqqizta uchuvchisiz uchish apparati (UUA) bilan hujum qilingan. Ularning bir qismi urib tushirilgan boʻlsa-da, fuqarolik infratuzilmasi obyektlariga zarbalar qayd etilgan. Hujumdan soʻng toʻrt kishi tibbiy yordam soʻrab murojaat qilgan.
Zaporijjya shahrida ham hujum natijasida jabrlanganlar bor. Viloyat harbiy maʼmuriyati rahbari Ivan Fedorovning maʼlum qilishicha, ikki erkak va bir ayol jarohatlangan. Zarba natijasida avtomobil va bir nechta bino shikastlangan, shuningdek, yongʻin kelib chiqqan.
Kriviy Rixda esa raketa zarbasi sanoat korxonasiga zarar yetkazgan. Shahar meri Aleksandr Vilkulning soʻzlariga koʻra, ikki kishi jarohatlangan, ularning ahvoli ogʻir emas.
Tun davomida Ukraina poytaxti Kiyev ham hujumga uchragan. Kiyev shahar harbiy maʼmuriyati maʼlumotlariga koʻra, havo hujumi oqibatidagi parchalar ikki joyga – Podolskiy tumanidagi turar joy binosi hovlisiga va Shevchenko tumanidagi taʼlim muassasasi hududiga tushgan. Bundan avval Kiyevda ballistik raketa va dronlar xavfi sabab havo trevogasi eʼlon qilingan edi.
Xarkivda esa dron turar joy binosining toʻrtinchi qavatidagi balkonga kelib urilgan. Xarkiv viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Oleg Sinegubovning maʼlum qilishicha, hodisa oqibatida 30 yoshli erkakda kuchli stress reaksiyasi kuzatilgan.
Poltava viloyati harbiy maʼmuriyati rahbari Vitaliy Dyakivnich ham hududga hujum qilinganini maʼlum qilgan, biroq zarbalarning xususiyati va ularning oqibatlari haqida qoʻshimcha maʼlumot bermagan.
Mahalliy hokimiyatlar hujumlar oqibatlarini aniqlash va zarar koʻrgan obyektlarda tegishli xizmatlar ishini davom ettirayotganini bildirgan.

