Rossiya Xarkiv viloyatiga zarba berdi: besh kishi halok bo‘ldi
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv viloyatidagi Bugayevka qishlog‘iga artilleriya zarbasi oqibatida turar joy vayron bo‘lib, besh kishi halok bo‘ldi. Sumi shahriga berilgan zarbalar natijasida esa kamida 14 kishi jarohatlangan.

Rossiya Xarkiv viloyatiga hujum qildi: besh kishi halok bo‘ldi.
Xarkiv viloyati prokuraturasining xabar berishicha, Rossiya qo‘shinlari Chuguyev tumanidagi Bugayevka qishlog‘ini artilleriya bilan o‘qqa tutgan. Ushbu hujum natijasida turar joy binosi vayron bo‘lib, besh kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Prokuratura 10-avgust kuni Telegram orqali tarqatgan ma’lumotida zarba turar joylar joylashgan hududga berilganini ta’kidlagan.
Xarkiv viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, bir sutka davomida viloyatdagi 24 ta aholi punkti Rossiya tomonidan turli qurollar bilan o‘qqa tutilgan. Uning qayd etishicha, ushbu hujumlar natijasida to‘qqiz kishi jarohatlangan. Shuningdek, fuqarolik infratuzilmasining ko‘plab ob’yektlari shikastlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan. Jumladan, fermer xo‘jaliklari, korxonalar, savdo do‘konlari, xususiy va ko‘p qavatli turar joylar, don omborlari hamda ma’muriy binolarga zarar yetgan.
Shu bilan birga, 10-avgustga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Sumi shahridagi fuqarolik infratuzilmasiga boshqariladigan aviabombalar bilan besh marta zarba bergan. Sumi viloyati davlat ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning bildirishicha, ushbu hujumlar oqibatida kamida 14 kishi turli darajada jarohatlangan.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari esa 10-avgustga o‘tar kechasi mamlakat hududiga keng ko‘lamli havo hujumi amalga oshirilganini ma’lum qildi. Ukraina tomoni ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya kuchlari hujum davomida X-59/69 rusumli boshqariladigan aviatsiya raketasi, uchta "Banderol" barrajlovchi o‘q-dorisi, shuningdek, jami 126 ta Shahed, "Gerbera" turidagi hujumkor va nishonni chalg‘ituvchi dronlardan foydalangan.
Ukraina havo mudofaasi bo‘linmalari 92 ta dron va uchta "Banderol" barrajlovchi o‘q-dorisini urib tushirgan yoki radioelektron vositalar yordamida bostirganini bildirgan. Shu bilan birga, 22 ta hududda 31 ta hujumkor dron nishonga tekkani, yana ikki joyda urib tushirilgan apparatlarning parchalari qulab tushgani qayd etilgan. Ukraina Harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, Rossiya tomonidan uchirilgan X-59/69 aviatsiya raketasi havo mudofaasi va boshqa qarshi choralar natijasida o‘z nishoniga yetib bormagan.

