“Vaqtim oz qoldi, hammasiga ulgurishim kerak”. Ilk roli mashhurlik olib kelgan va sevimli insonidan judo bo‘lgan Gavhar Zokirova 77 yoshda (foto, video)

“Vaqtim oz qoldi, hammasiga ulgurishim kerak”. Ilk roli bilan mashhurlikka erishgan va sevimli insonidan ayrilgan Gavhar Zokirova 77 yoshda (foto, video)
O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova 10-sentyabr kuni 77 yoshga to‘ldi. Taniqli san’atkorlar xonadonining kelini hamda Abdulla Avloniyning evarasi bo‘lgan aktrisaning tavalludi munosabati bilan uning hayoti va ijodiy faoliyati haqida so‘z yuritamiz.
**“Abdulla Avloniyning avlodiman”**
Gavhar Zokirova 1949-yilda Toshkent viloyati Nurafshon tumanida tug‘ilgan. U oilada yolg‘iz qiz farzand bo‘lib, bir akasi bor.
— Otam harbiy bo‘lganlar, onam esa injener edilar. Bolalikdan sanʼatga qiziqqanman, keyinchalik bilsam, ona tomondan katta bobom Abdulla Avloniy bo‘lgan ekan. U inson o‘zbek teatrining asoschilaridan biri, asarlar yozish bilan birga rejissyorlik ham qilgan ekan. “Avlodimizda sanʼatkorlar yo‘q”, deb bilardim, keyinchalik bobom haqida eshitgandan keyin shu insonning yo‘lidan ketibman, dedim, deydi Gavhar Zokirova.
**“Jamshid Zokirovga tarsaki tushirganman”**
Aktrisa avvaliga ota-onasining tavsiyasi bilan Toshkentdagi Politexnika o‘qishiga kiradi, lekin u yerda ko‘p o‘qiy olmaydi. Sanʼatga bo‘lgan mehri ustun kelib, keyingi yili hozirgi O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga hujjat topshiradi. U yerda turmush o‘rtog‘i, mahoratli ijodkor Jamshid Zokirov bilan tanishadi.
— Jamshid akam bilan institutda birga o‘qiganmiz. O‘shanda isteʼdodli yoshlar ko‘p bo‘lgani uchun ikkita kurs tashkil qilingandi. Biz boshqa boshqa kurslarda edik, ammo umumiy darslarda birga o‘qiganmiz. Faqat aktyorlik mahorati darslarida alohida kursda edik. Institut katta bo‘lgani bilan hamma bir-birini yaxshi tanir edi. Men birinchi kursdan Jamshid akamni yaxshi taniganman. U inson nega aynan meni tanlagani haqida ko‘p qiziqardim, bir kuni buning sababini aytib bergandi. Bir kuni kutubxonada kitob o‘qib o‘tirsam, yonimga kelib nimalardir deb yuzimdan o‘pib olgan ekan. Shart o‘rnimdan turib, yuziga tarsaki tushirgan ekanman. Mana shu voqeadan keyin “Uylansam ham shu qizga uylanaman”, deb o‘z-o‘ziga vaʼda bergan ekan, deydi Gavhar Zokirova.
**“Jamshid aka bilan turmush qurishimizda Avloniy avlodi ekanim qo‘l kelgan”**
— Turmush o‘rtog‘im Jamshid Zokirov bilan oila qurishimizda katta bobom — Abdulla Avloniy nomining o‘ziga yarasha hissasi bo‘lgan. Jamshid aka bilan turmush qurishga ahd qilganimizdan keyin ilk bor onasiga bu haqda aytganida, qaynonamga yoqmagan ekanman. Suratimni ko‘rib, meni o‘zbek emas deb o‘ylagani sababli to‘yga qarshilik qilgan ekan. Shunda Jamshid aka “bu qiz — Abdulla Avloniyning evarasi”, degan.
Hayotda hech narsa shunchaki bo‘lmaydi, hamma narsaning o‘z o‘rni bor. Aynan shu kuni qaynotamning qarindoshlari ularnikiga mehmonga kelgan bo‘lgan. Avloniyning evarasi ekanimni bilishganidan so‘ng hayron qolishgan. Jamshid akaning ammasi qaynonamga “shu qizni kelin qilmasangiz, kimni kelin qilasiz?”, degan ekan. So‘ng qaynonam o‘ylanib qolib, rozilik bergan. Qaynonam juda shartaki ayol bo‘lgan.
**“Sepimda qimmat idishlar emas, kitoblarni yuborganman”**
— Sepimda kitoblarimni yuborganman. Qaynonam va uning yana bir qarindoshi buni ko‘rib “qizning onasi erinmagan ayol ekan. Qiziga shuncha idish-tovoqlarni yig‘ib qo‘yibdi. Zo‘rlaridan bo‘lsa kerak”, degan. Borib, sekin qutilarni ochib ko‘rib, “voy, sho‘rim qursin, hammasida kitob ekan”, degan.
Biz akam bilan Ernest Hemingueyning asarlari, kitoblarini, suratini yig‘ishni yaxshi ko‘rardik. Bolalar katta portret ko‘tarib kelishayotganda qaynonam Hemingueyning suratini ko‘rib, “voy-bo‘, Avloniyni qarang, soqollari uzun, nuroniy kishi bo‘lgan ekan”, degan ekan.
**“Palto olishga ham pulimiz bo‘lmagan”**
1971-yilda aktyor Jamshid Zokirov va Gavhar Zokirovalar oila qurishadi. Go‘zal turmushdan Javohir Zokirov va Ohista Zokirova dunyoga keladi.
— Teatrdan oladigan maoshimiz nihoyatda kam edi. Uning ustiga o‘shanda endi ikki xonali kvartiraga ko‘chgandik. Uy taʼmirtalab va nihoyatda qarovsiz edi. Balkon qismining romlari yo‘qligi uchun g‘ir-g‘ir shamol esardi. Kech kuzga borib uy sovib ketgan, shunda qaynonam rahmatli sandig‘idagi eng qadrli matoni sotib, rom olishimizga pul bergandi. Er-xotin tinimsiz ishlasak ham hech ro‘zg‘orimiz to‘lmasdi. Qizimiz Ohista Jamshidni musiqa maktabiga berganmiz, unga fortepiano olishimiz kerak bo‘lgan. O‘shanda qaynonam va onam pensiyalaridan pul to‘plab, musiqiy asbob olib berishgandi. Uchinchi sinfda Javohirga palto ololmadik.
O‘shanda qaynopam Luiza qizi Nargizning eski paltosini berdi. Uning qo‘ng‘iroqchasi va pirpiragi bor edi. O‘shanda Javohir “Bu qizlarning paltosi, kiymayman”, deb rosa to‘polon qilgandi. Boshqa ilojim bo‘lmagani uchun uni kiyishga majburlaganman. Hayotimizda bu kabi misollar juda ko‘p. Ayrimlar o‘ylaganidek bugungi kunlarga yetib kelishimiz oson kechmagan, deydi Gavhar Zokirova.
**“Bir dublda kastingdan o‘tganman”**
Aktrisa o‘zbek kinosi durdonalaridan biri bo‘lgan 1978-yili Eduard Xachaturov tomonidan suratga olingan “To‘ylar muborak” filmidagi rolini quyidagicha eslaydi.
— Bu kinodagi ilk rolim bo‘lgan. Katta rol bo‘lgani uchun kastingda ishtirok etishga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganman. Ammo o‘sha kuni turmush o‘rtog‘im akalari kasalxonada bo‘lgani uchun ketgan. Aksiga olib, Javohir ham og‘rib qolgandi. Injiqlanayotgan bolani qanday tashlab ketaman, deb turganimda onam rahmatli kelib “Sen boraver, men bolalarga qarab turaman”, degan. Bilmadim, bolam kasalligi uchun to‘lib turgan ekanmanmi, bir urinishdayoq rolni jonimni berib ijro qildim. O‘shanda dorixonaga borib, bo‘lajak turmush o‘rtog‘ining ayoli deb bilgan inson bilan uchrashadigan sahnani ijro etib berishimni so‘rashgan. Bu epizod bir urinishda olingan va aynan shu kadrdan kinoda ham foydalanilgan. Nasiba roli uchun daʼvogarlar juda ko‘p edi, mendan keyingi aktrisalar kasting ham topshirisholmagan, deydi aktrisa.
**“Jamshid Zokirov hamon sahnada rol ijro etyapti”**
2012-yili Jamshid Zokirov saraton sabab 63 yoshida vafot etdi. Aktrisa turmush o‘rtog‘ining vafotidan keyin qiynalgani haqida gapiradi.
— Turmush o‘rtog‘im Jamshid Zokirov o‘limidan oldin ancha vaqt kasallik bilan kurashdi. Bir kuni tug‘ilgan kunimga dramaturg Nurillo Abbosxon “Tanho yulduz” spektaklining davomini olib kelib “Sizga sovg‘a, buni sizlar uchun yozdim”, dedi. Afsuski, Jamshid akam bu spektaklda rol ijro etishga ulgurmadi. Turmush o‘rtog‘im vafot etganidan keyin bolalarimni yonimga chaqirib “Mana shu spektaklni Jamshid Zokirov xotirasi uchun ham sahnaga olib chiqaman”, dedim. Turmush o‘rtog‘imning o‘limidan 20 kun o‘tib, ishga chiqib ketdim. Agar uyda o‘tirganimda men o‘zimni yeb tamom qilardim.
Tinimsiz yig‘laydigan bo‘lib qolgandim. Repetitsiya jarayonida ham yig‘layverganim uchun rejissyor Valijon Umarovdan ko‘p tanbeh eshitardim. Sakkiz oy deganda “Tanho yulduz” spektaklini Jamshid Zokirov xotirasiga bag‘ishlab, sahnaga olib chiqdik. Sakkiz yil davomida bu spektaklda rol ijro etib, keyin uch yil Nurillo Abbosxonga qo‘ng‘iroq qilib, “Yangi pyesa yozing” deb holi joniga qo‘ymadim. Ish jarayonida u bilan urishib qolamiz “Bo‘ldi menga qo‘ng‘iroq qilmang”, deb jahl bilan go‘shakni qo‘yib qo‘ygan holatlari ham bo‘ldi. Hech narsaga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi, tortishuvlar va bahslar sabab “O‘zgalar dardi” pyesasi yaratildi. Spektaklda 7 ta qahramon bor, ularning biri Jamshid Zokirov. U bilan boshqa qahramonlar gaplashadi, dardini aytadi. Jamshid Zokirovning olamdan o‘tganiga 14-yil bo‘ldi, ammo haligacha men bilan sahnada rol ijro etyapti, deydi Gavhar Zokirova.
**“Baʼzilardan ranjiyman”**
Aktrisa baʼzi yosh ijodkorlarning kasbga nisbatan masʼuliyatsizligidan ranjishi haqida ham gapirdi.
— “Men O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ishlayman”, deyishadi-yu, baʼzilari ishiga masʼuliyatsizlik bilan yondashadi. Orasida hatto, rolining matnini bilmaydiganlari ham bor. Keyin jahlim chiqib ketadi. “Men sendan to‘rt barobar kattaman, ammo butun pyesani yodlab bo‘ldim. Nahotki, sen qahramoningni to‘rtta so‘zini yodlay olmasang”, deyman. Darrov bahona topadi. Hech bo‘lmasa spektakldan ikki kun avval rolni takrorlanglar, deb tushuntiraman. “Qiyomat qarz” spektakli oyda bir marta qo‘yilardi. Ammo spektakl qo‘yilishidan oldin albatta Shukur Burxonov hammani chaqirib, xuddi zalda tomoshabin o‘tirganidek jon berib rolni ijro etishga majbur qilardi. Hozirgi yosh ijodkorlar rol kutib yashayapti. Hozirgilar faqat kutishni biladi, kitob o‘qimaydi. To‘yga, seriallarga chiqmang demayman, moliyaviy jihatlarni ham o‘ylash kerak. Ammo ijodchi, uni qachon o‘ylashadi.
Vaqtim oz qoldi, hammasiga ulgurishim kerak, deb yashayman. Hatto, karantin paytida ham uyda o‘tirib ijod qildim. Afsuski, baʼzi yoshlarda kasbiga nisbatan shunday hurmat va masʼuliyat yo‘q, deydi Gavhar Zokirova.
Gavhar Zokirova 77 yoshda bo‘lishiga qaramay hamon spektakl va seriallarda suratga tushadi. U masʼuliyat borasida ko‘plab san’atkorlarni ortda qoldiradi. Syomkaga vaqtida kelishi va rolga avvaldan tayyorgarlik ko‘rishi odat tusiga aylangan. Bundan tashqari, aktrisaning eng sevimli hobbisi kitob mutolaa qilish. U qisqa fursatda katta kitobni ham mutolaa qila oladi.

