“Qamoqxonada o‘tirganimda Yulduz Usmonova ko‘rishga kelgan”. Giyohvand modda sabab qamalgan va bir necha marta o‘limdan qolgan xonanda Abdulla Qurbonov 50 yoshda

“Qamoqxonada o‘tirganimda Yulduz Usmonova ko‘rishga kelgan”. Giyohvand modda sabab qamalgan va bir necha marta o‘limdan qolgan xonanda Abdulla Qurbonov 50 yoshda
“Onajonim” qo‘shig‘i bilan ko‘plab onalarning mehrini qozongan, o‘zbek san’atining uzoq yillik vakillaridan biri bo‘lgan xonanda Abdulla Qurbonov 2-sentyabr kuni 50 yoshga to‘ldi. Yoshligidan Muhriddin Xoliqov, Farrux Zokirovlar qo‘lida musiqa sirlarini o‘rgangan, suiqasddan omon qolgan, giyohvand moddalar bilan qo‘lga tushib, bir necha yilini qamoqxonada o‘tkazgan san’atkorning ijodi va hayot yo‘liga nazar tashlaymiz.
“Muhriddin Xoliqov shart qo‘ygan”
Serfarzand oilada 9 nafar o‘g‘il-qiz voyaga yetgan. Ular orasida Abdulla Qurbonov ham bor edi. Oilasida san’atkorlar bo‘lmasa-da, u bolaligidan san’atga oshno bo‘lgan. U ilk bor 1987-yilda akasi Doniyor Qurbonovning to‘yida mikrofon olib qo‘shiq kuylagan. Uni zimdan kuzatib turgan xonanda Muhriddin Xoliqovdan yosh yigitni shogirdlikka olish so‘raladi. “Bir shartim bor, agar ‘Arab tangosi’ni ijro etishni uddalasa, uni shogirdlikka olaman”, degan javobni olgach, yosh Abdulla qo‘shiqni qunt bilan o‘rganadi. Muhriddin Xoliqov uni shogirdlikka olib, to‘y-xizmatlariga o‘zi bilan olib yuradi.
Ishtirokim ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan. Muhriddin Xoliqovning duolarini olib, Farrux Zokirovga qo‘ng‘iroq qilganman. “Meni shogirdlikka oling”, deganman. O‘sha paytlarda Farrux Zokirov va “Yalla” guruhining nomi butun dunyoga tanilgan, mashhurlik borasida ularga teng keladigan xonanda kam edi. Muhriddin Xoliqovning maslahatiga kirib, “Arab tangosi”ni o‘rganganim qo‘l kelgan va 1991-yilda Farrux Zokirov jamoasiga shogirdlikka qabul qilinganman. Besh yil davomida qo‘shiqchilik sirlarini o‘rganib, “Yalla”ning ko‘plab konsertlarida qatnashganman, deydi Abdulla Qurbonov.
“Boyib ketsam, onamni ishlatmayman”
Abdulla Qurbonov qiyinchiliklar ichida o‘tgan bolalik yillarini shunday eslaydi.
— Katta ro‘zg‘orni tebratish oson bo‘lmagan. Keyinchalik otam novvoychilikni tashlab, taksoparkka ishga kirgan. “Sariq sigirni sog‘ib, sizlarni boqqanman”, desa sigirimiz yo‘q-ku, deb hayron bo‘lardim. Keyin bilsam, dadam sariq sigir deganda taksi mashinasini nazarda tutgan ekan. Onam esa ro‘zg‘or ishlaridan ortib, novvoychilik ham qilardi. Men ularni bozorga olib chiqib sotardim. 50 ta non yopish uchun otash-olov bo‘lib yonayotgan tandirga shuncha marta kirib-chiqishga to‘g‘ri kelardi. “Boyib ketsam, onamni ishlatmayman”, deb niyat qilardim. Shukrki, ularning bari amalga oshdi, deydi xonanda.
“Mashinam dumalab ketgan”
2002-yilda Abdulla Qurbonov avtohalokatga uchrab, jiddiy jarohat oladi. Xonanda bu holatni suiqasd deb baholaydi.
To‘qnashuvdan saqlanib, rulni burganimda mashinam dumalab ketdi. “Moskvich”da o‘tirgan to‘rt yigitning hech biri yordam bermay, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishgan. Uyushtirilmagan bo‘lsa, ularga zarar yetkazmaslik uchun jonimizni xavfga qo‘yganim evaziga yordam berishi kerak emasmi?, deydi xonanda.
“Tan olaman, avvallari chekkanman”
Xonanda giyohvand modda sabab ozodlikdan mahrum etilgan. San’atkorning aytishicha, yaqin tanishlaridan biri uni to‘yga chaqirish bahonasida uyiga mehmonga kelganida, qo‘shiqchining rad etishiga qaramay, unga giyohvand moddani “hadya tariqasida” bergan.
Abdulla Qurbonov avvallari “bu narsa”ni to‘ylarda, ulfatlar bilan o‘tirishlarda qabul qilganini tan olgan, biroq o‘sha paytda tashlaganini, sog‘lig‘i ham ko‘tarmasligini ta’kidlagan.
Tan olishim kerak, oldinlari chekkan bo‘lsam, chekkanman. Lekin men ularga buni olib kelinglar demaganman, buni zalda ham (sud zalida) aytganman. Ammo qonun hamma uchun bir xil ekan. Giyohvand modda sabab qamalganman, deydi Abdulla Qurbonov.
“Qamoqxonaga Yulduz Usmonova kelgan”
Xonanda Qashqadaryodagi jazoni ijro etish muassasasida muddatini o‘tayotganida faqat Yulduz Usmonova uni ko‘rgani borgani va uning gaplari katta kuch bergani haqida so‘zlab bergan.
— Shuncha san’atkorlarning ichida Yulduz Usmonovaning mard taraflaridan biri — qamoqda ekanimda meni ko‘rgani borgani.
Qamoqxonaga borib, rahbarlarni chaqirib, “shu bola mening bolamday, mening ukam, men eng yaxshi ko‘rgan san’atkorlardan bittasi bu, unga e’tiborni jiddiyroq qilinglar, bu hali xalqqa kerak. Har xil gap-so‘zlar eshityapmiz, ishqilib bolaga tazyiqlar yo‘qmi, hech qanaqa zulmlar yo‘qmi?”, deb mendan xabar olishga borgan.
To‘g‘risida, qo‘rqqan. Odamlardan emas, Xudodan qo‘rqishsin! O‘sha payt Yulduz opa hech nimadan qaytmasdan Qashqadaryoga jamoa bilan borgan ekan. Mening qaysi qamoqxonada ekanligimni surishtirishgan.
Meni rahbariyat chaqirib, “Yulduz Usmonova senga kim bo‘ladi?”, deb savol berganida men xavotirda bo‘ldim. Nima balo, opamga ham bir narsa bo‘lganmikan, degan o‘yda turganimda, “O‘ylama, qo‘rqma, xavotir olma. U odamga hech qanaqa yomonlik qilmaymiz, to‘g‘ri ma’noda so‘rayapmiz, kim bo‘ladi?”, deganida, men “Opam bo‘ladi, hurmat qilaman, nima gap?” desam, “Shu yerga keldi, lekin qonun doirasida uchrashtirish mumkin emas, negaki, familiya to‘g‘ri kelmaydi. Faqatgina oilangga ruxsat, boshqalarga mumkin emas degan qonun bor”, deyishganda ular ham, opa ham to‘g‘ri tushungan.
“Mayli, faqat mening shaxsiy iltimosim, mening kelganimni aytib, mening nomimdan ikki og‘iz hol-ahvolini so‘rab qo‘yinglar”, deganlari katta e’tibor. Ko‘ryapsizmi e’tiborni? Menga jonlari achib, nima uchun borgan, qaysidir jihatim opaga xush kelgan, qaysidir xarakterimni yaxshi ko‘rgan. Ayol boshi bilan, uncha-muncha erkak kishi qilmagan mehrni bergan shu odam. Shuning uchun ham opani yaxshi ko‘raman, deydi Abdulla Qurbonov.
“Qamoqxonadagi uch yil”
Xonanda ko‘plab suhbatlarida avtohalokatga uchragan yoki qamalgan paytida ham ayoli va onasining daldasi katta kuch bergani haqida aytib o‘tgan.
Bunday paytda onamning duosi va rafiqamning qo‘llab-quvvatlashi menga kuch bag‘ishladi, deydi xonanda.
“Bir o‘limdan qolganman”
Xonanda intervyularining birida bir o‘limdan qolgani haqida ham so‘zlab bergan.
Boshimga tushgan sinov haqida ham “Beayb Parvardigor, har bandada bir ayb bor. Mening aybim to‘qligimdir, to‘qligimdan sho‘xligimdir” misrali qo‘shiq tayyorlaganman. Bir yomonning yaxshisi bor. 2013-yilda chet elda yashaydigan do‘stim Jaloliddin bilan qo‘ng‘iroqlashdim, oktyabrda ikkovimiz oilamiz bilan bir oy kemada sayr qilishga kelishdik. Rafiqam, to‘rt farzandimni olib, Floridadagi Disneylendga olib borishni ham reja qilib, bir yilga viza oldik. Lekin 27-avgust tarix zarvaraqlarida emas, yuragimda o‘chmas dog‘ bo‘lib qoldi. O‘sha sanada menga nisbatan jinoiy ish ochilib, chet elga borolmaganmiz... Radioda esa biz sayr qilishni reja qilgan kema halokatga uchraganini eshitdim, oilam bilan bir o‘limdan qolganman-da, deydi xonanda.
Muhokamalar markazidagi xonanda
Bundan bir necha yil avval qish oylarida qo‘shiqchining ichki ishlar boshqarmasida bezorilik qilayotgani haqidagi video tarqaldi. Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, u Bo‘stonliqdagi to‘ydan keyin kafega borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgan va janjalda qatnashgan hamda 10 sutkalik jazoga tortilgan.
Ichki ishlar xodimlarini haqoratlagani ham ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Oilasi haqida
Hozircha faqat to‘ng‘ich o‘g‘li Muzaffar Qurbonov otasining kasbini davom ettirib, san’atda faoliyat yuritmoqda. Ammo hozircha ijodida o‘ziga xoslik sezilgani yo‘q.
Abdulla Qurbonov o‘g‘li Muzaffarni 2022-yil sentyabr oyida uylantirdi. Xonandaning farzandining nikoh oqshomiga yig‘ilgan shou-biznes vakillari, san’atkorlarning ustidan dollar sochgani ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Oradan bir yil o‘tib xonanda bobolik maqomiga erishdi. Muzaffar Qurbonov qiz farzandli bo‘ldi.
Hozirda Abdulla Qurbonovning o‘zi ham ijodda ancha sokinlashgan, ora-sira gala konsertlarda ko‘rinish beradi.

