“Boshqa birovga nasib qilishi kerak bo‘lgan insonni tanlab 11 yilimni yo‘qotdim” — Qunduzxon Abdullayeva o‘xshamagan turmushi haqida

“Boshqa birovga nasib qilishi kerak bo‘lgan insonni tanlab 11 yilimni yo‘qotdim” — Qunduzxon Abdullayeva o‘xshamagan turmushi haqida
Tele va radioboshlovchi, hozirda Instagram’da fudbloger sifatida faoliyat yuritayotgan Qunduzxon Abdullayeva “Darakchi” nashrining YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida u 11 yillik turmushining farzandsizlik tufayli ajrim bilan yakunlangani, oilada sevgi-muhabbatning ahamiyati hamda niyatning kuchi haqida so‘zlab berdi.
**“Boshqa insonga nasib etishi kerak bo‘lgan insonni tanlagan ekanman”**
— Aksariyat o‘zbek ayol-qizlari bolalikdan “chida, sabr qil” degan so‘zlarni eshitib ulg‘ayganmiz. Lekin buning o‘ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bor. Insonga umr bir marta beriladi. Keyinchalik ko‘p hollarda ota-onamizni ayblaymiz, lekin ular ham hayotda birinchi marta yashayapti. Qolaversa, “inson” so‘zining o‘zi “xato qiluvchi” ma’nosini anglatar ekan. Shuning uchun ham xato qilamiz: kimdir shu xatolardan o‘rnak oladi, kimdir esa sinadi.
Aslida boshqa insonga nasib etishi kerak bo‘lgan insonni tanlaganim 11 yillik umrimni oldi. Yo‘llarimiz ajralgandan so‘ng o‘z ustimda ishladim va tushundimki, biz mana shu yo‘lni birga bosib o‘tishimiz kerak ekan. Xuddi ertaklarda g‘alaba qozonish uchun qiyinchiliklarni boshdan kechirgani kabi bu voqealar hayotimda sodir bo‘lishi shart bo‘lgan. Ya’ni nimagadir erishish uchun hayotning qaysidir bosqichlarini yashab o‘tish kerak ekan. Bu narsa kimnidir sindirsa, kimnidir kuchli qiladi. Mana shu fikrlar hayotim haqida xulosa chiqarishimga sababchi bo‘ldi.
**“Vaqt ortga qaytganida sobiq turmush o‘rtog‘imni tanlamagan bo‘lardim”**
— Agar hayotim shunday kechishini bilganimda, vaqt ortga qaytsa sobiq turmush o‘rtog‘imni tanlamagan bo‘lardim, balki. To‘g‘ri, u bilan yomon yashamadik. Lekin oila qurganingizdan so‘ng o‘zingizdan zurriyot qoldirish, avlodingizni davom ettirish kabi go‘zal ne’mat bor. Mana shu narsa bizga nasib qilmadi — 11 yil shuni kutdik. Holatimni ko‘proq farzandi yo‘q oilalar tushunadi.
O‘tgan yillarimiz kutish yillari bo‘ldi. Bu davr maqsad va niyatlarni amalga oshirish uchun harakatlar bilan o‘tdi, ammo natija bo‘lmadi. Ba’zi insonlar bir kunda, bir daqiqada niyatiga erishadi. Lekin men uchun bu jarayon 11 yil vaqtni oldi va baribir farzandli bo‘lolmadik. Har taraflama o‘ylab ko‘rilgandan keyin chiqarilgan xulosa — ajrim bo‘ldi. Bu qarorga kelish oson kechmadi.
**“Turmushim o‘xshamaganini hech kimga aytmaganman”**
— Ajrashganimizga uch yil bo‘ldi. Boshida turmushim o‘xshamaganini hech kimga aytmaganman. Faqat atrofimdagi yaqinlarim bilardi, xolos. Hattoki hamkasblarimga ham bu haqda gapirmaganman.
Men to‘rt yil birga tahsil olgan, ikki yil bir joyda ishlagan kursdoshim — Ozod Ravshanga turmushga chiqqanman. Aslida u do‘stim bo‘lgan. Men qalb birlashuvi bilan emas, aqlan qaror qabul qilib, 25 yoshimda turmushga chiqqanman. Sababi — ichmaydigan, chekmaydigan, qolaversa, olti yildan buyon biladigan insonim deb oila qurganman. Bizda sevib-yonib, o‘lib-kuyib turmush qurish bo‘lmagan, doim o‘rtoq bo‘lib yurganmiz. Shuning uchun hali turmush qurmagan qizlarga hech qachon do‘stiga turmushga chiqmaslikni tavsiya qilaman. Chunki oila qurganingizdan keyin ham sevgi-muhabbat emas, faqat do‘stona munosabat qolar ekan.
Oilada sevgining bo‘lishi muhim. Chunki sevgi bor joyda o‘sha insonning kamchiligi ko‘zingizga ko‘rinmaydi. Sevgi yo‘q joyda esa uning yutuqlari ham ba’zan nuqsonday tuyuladi. Bir-birini tushunib yashash, juftining salbiy xarakteriga ko‘nikish uchun o‘rtada tuyg‘u bo‘lishi kerak ekan. Er-xotin ikkisi baravar harakat qilmasa, sevgi ham uzoq davom etmaydi.
**“Yillar davomida munosabatlarimiz sovib boraverdi”**
— Ajralish qaroriga kelishimizning asosiy sababi — yillar davomida munosabatlarimizning sovib boraverishi bo‘ldi. Farzand oilada er-xotin munosabatlarini ushlab turadigan ne’matdir. Ammo farzandi bo‘la turib, ajrim yoqasiga kelganlarni ham ko‘rganman.
Orada yana shunday vaziyatlar bo‘ldiki, er-xotin bir-birimizdan sovib ketdik. Xuddi qo‘shnidek yashashni boshladik. Avvallari er-xotin qo‘shnidek yashayapti, deyishsa tushunmasdim. Lekin afsuski, bugun shunday yashayotganlar bor. Ya’ni munosabatlar butkul so‘ngan, faqat odamlar ko‘zida er-xotin bo‘lib yurishibdi.
**“Ota-onamning ajralishi og‘riqli nuqtam bo‘lib kelgan”**
— Olti yosh paytimda ota-onamning ajralishi yillar davomida og‘riqli nuqtam bo‘lib kelgan. Shuning uchun turmushga chiqishimdan avval doim bolalarni yaxshi ko‘radigan erkakka turmushga chiqish niyatim bor edi. “Meni emas, birinchi navbatda bo‘lajak farzandlarimni yaxshi ko‘rsa bo‘ldi”, derdim. Ayamga shu gapni aytganimda “Unday demang, avval sizni, so‘ng siz dunyoga keltirgan bolalarni yaxshi ko‘rsin”, deb urishib berganlar. O‘sha paytda bu gapning tagida qanday ma’no yotganini bilmaganman. Kattalar aytishganidek, niyatni to‘g‘ri va to‘liq qilish kerak ekan. To‘g‘ri niyat qilishni bilmaganman, aslida ko‘p narsa o‘zimga bog‘liq bo‘lgan. Xuddi shu niyatda sobiq turmush o‘rtog‘im bilan oila qurganman. U ham bolalarni juda yaxshi ko‘rardi. Ammo u insonga farzand tug‘ib berolmadim.
**“O‘n bir yil ichida tekshirtirmagan tahlilimiz qolmagan”**
— Shuncha yil ichida qanday kunlarni boshimdan o‘tkazganimni o‘zim bilaman. Har taraflama tekshiruvlardan o‘tganmiz. Oxirgi marta o‘ta kuchli tekshiruvdan o‘tganimizda, tibbiyot tomonlama bir-birimizga to‘g‘ri kelmasligimiz haqida xulosa chiqdi. Shifokor buning ham iloji borligini aytdi-yu, lekin aniq yechimini ko‘rsatmadi.
**“Erkak kishi xohlagan payt uylanib olishi mumkin”**
— Shundan keyin yoshim o‘tib borayotganini, ajrashishim kerakligini yana ham ko‘proq o‘ylay boshladim. Buni kattalar ham allaqachon miyamga singdirib bo‘lishgandi. Erkak kishi xohlagan payt, hatto 18 yoshli qizga uylanib, farzandli bo‘lishi mumkin. Atrofimdagi, ishxonamdagi katta ayollar: “Ayol kishining reproduktiv yoshi chegaralangan, farzandli bo‘lib qolishing kerak”, deb aytishardi. Bu qadamni 11 yildan keyin emas, tezroq tashlashim kerak bo‘lgan.
“Ota-onasi ajrashgan, mana qizi ham ajrashyapti”, degan gaplardan o‘zimni himoya qilish uchun ham shuncha vaqt birga yashashda, umid qilishda davom etdim. Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi. Men harakat qilganim bilan u tarafdan harakat bo‘lmasa yoki ular tomondan harakat bo‘lsa-yu, men allaqachon sovigan bo‘lsam, hech qachon oila bo‘lmas ekan. Shuning uchun ajralishga qaror qildim, bu mening shaxsiy qarorim edi.
**“Ertaga hamma o‘zining hayoti bilan bo‘lib ketadi”**
— Bir kuni ertalab turib, sobiq erimga ajralish uchun ariza topshirib kelishimizni aytdim. Sababi butun oila a’zolarimni bir tarafga, o‘zimning kelajagimni esa ikkinchi tarafga qo‘yib ko‘rdim. Ertaga o‘zim yolg‘iz qolib ketaman. Akam o‘zining oilasi, bolalari bilan, ukam ham o‘z oilasi bilan, ayam ham o‘z hayoti bilan yashaydilar. Lekin men nima qilaman? Ertaga farzandsiz, bir o‘zim yolg‘iz qolib ketamanmi?, deb mulohaza qildim. Faqat farzandli bo‘lish ishtiyoqi meni ajrimga olib bordi, deb o‘ylayman.
**“Bola ham munosabatlarni saqlab qola olmadi”**
— Turmushimizga to‘qqiz yil bo‘lganda ularning qarindoshlari tomonidan chaqalog‘ini berish taklifi bo‘ldi. O‘shanda: “Demak, Alloh oilamizni shu orqali saqlab qolmoqchi”, deb bunga rozi bo‘ldik va chaqaloqni oldik. Bir tarafdan bundan juda ham xursand bo‘ldim, ikkinchi tomondan menga juda mas’uliyatli vazifa yuklatilayotganini bildim. Bolani tug‘uruqxonadan to‘g‘ri olib kelib berishdi va unga mehrim tushdi. Uni o‘z bolamdek ko‘rib, Instagram’ga ham rasmlarini joyladim. Har doim kadrda ko‘ringan ayol bo‘lganim uchun ko‘p savollar bo‘ldi, lekin hech qaysi savolga javob bermadim.
Biroq hatto bola ham oilamizni saqlab qola olmadi. Ikkalamiz ham unga mehr-muhabbat berdik-u, lekin bir-birimizni unutib qo‘ydik.
Shu yerda yana bir niyatni noto‘g‘ri qilganimni anglab yetdim. Avvallari ko‘chada bolalar aravachasini yetaklab yurgan, sport uslubida kiyingan onalarni ko‘rsam: “Xudo xohlasa, mening ham bolam bo‘lsa, shulardek sayr qilib yuraman, ishdan tug‘uruq ta’tiliga chiqaman”, deb rosa orzu qilardim. Lekin homilador bo‘lishning o‘zini tasavvur qilmagan ekanman. Qizlarimizga niyatni to‘g‘ri qilishni o‘rgatishimiz lozim. Chunki o‘zim ham xuddi tasavvur qilganimdek, bola bilan sport kiyimida sayr qilib yurdim, biroq homiladorlik davrini va uning his-tuyg‘ularini boshdan kechirmadim. Shifokorlarning yakuniy xulosasidan keyin so‘nggi umidim ham so‘ndi, hattoki bola ham ko‘zimga ko‘rinmadi, deydi Qunduzxon Abdullayeva.

