Layfstayl

“Ayolni nazoratsiz qoldirsangiz, atom bombasiga o‘xshab portlaydi”. Yigitali Mamajonov va Muqaddas Sa’dullayeva hozirgi munosabatlari haqida

“Ayolni nazoratsiz qoldirsangiz, atom bombasiga o‘xshab portlaydi”. Yigitali Mamajonov va Muqaddas Sa’dullayeva hozirgi munosabatlari haqida

Aktyor Yigitali Mamajonov va uning rafiqasi Muqaddas Sa’dullayeva YouTube’dagi “Ikkalamiz” loyihasiga mehmon bo‘lishdi. Suhbat davomida juftlik oilada er-xotinning bir-birini tushunishi muhimligi, Yigitali Mamajonovning sevimli kuyov bo‘lgani hamda baxtlarini ijtimoiy tarmoqlarda oshkor etmaslikka intilishlari haqida so‘zlab berishdi.

**“Turmush o‘rtog‘imda makkorlik yo‘q”**

— Rostini aytsam, turmush o‘rtog‘im bilan munosabatlarimiz boshidan buyon yaxshi. Hayotda muxlislarga jiddiy inson bo‘lib ko‘ringani bilan, oilada butunlay boshqa odam. Ba’zilar turmush o‘rtog‘imni qattiqqo‘l, meni esa qiynalib, tazyiq ostida yashayotgan ayol deb bilishadi. Aslida esa umuman boshqacha. Shu mavzuda ular bilan suhbatlashib, “Odamlar sizni ‘Sohibjamol va maxluq’ multfilmidagi maxluq, meni Sohibjamol deb o‘ylashadi. Lekin bilishmaydiki, oxirida haligi maxluq shahzoda bo‘lib chiqadi”, deb kulishgandik. Shunda ularga “odamlarga o‘zingizni boringizcha ko‘rsating”, deb aytdim, deydi Muqaddas Sa’dullayeva.

**“Erkak kishi oilaviy muhitini tashqariga olib chiqmaydi”**

— Aslida erkak kishi uyidagi his-tuyg‘ularini, oilasiga, ayoliga nisbatan munosabatlarini iloji boricha ko‘chaga olib chiqmaslikka harakat qiladi. Shu orqali u oilasining ichki muhitini tashqaridagilardan himoya qiladi. Millati va dinidan qat’i nazar, erkakning qalbida oriyati, iymoni mustahkam bo‘lsa, uyidagi muhitni tashqariga ko‘rsatishdan uyaladi. Buni Alloh fitratimizga joylagan. Bu oilasini, rafiqasini chegaralab qo‘yish emas, aksincha, himoya qilish uchun. Chunki erkak zoti tabiat qonunining qanday ishlashini biladi, deydi aktyor Yigitali Mamajonov.

“Haqiqiy erkak ayolini eshitadimi, u bilan ham hisoblashadimi?” degan savolga Yigitali Mamajonov shunday javob berdi:

— Tarixan qaraydigan bo‘lsak, haqiqiy erkaklar rafiqalari bilan maslahatlashgan. Demak, ayoli bilan gaplashiladi, suhbatlashiladi. Ammo hukm ulardan olinmaydi. Ulardan faqatgina axborot olinib, uni filtringizdan o‘tkazgan holda so‘nggi qarorni erkak chiqarishi kerak.

**“Ikkimiz ham rashkchimiz”**

— Turmush o‘rtog‘imga ortiqcha talablar qo‘ymayman. Ular ham mening ichki kechinmalarimni hurmat qiladilar. Ikkimiz ham o‘ta ketgan rashkchimiz. Buni doim hurmat qiladilar va har doim shu holatga yetib bormaslikka harakat qiladilar, deydi Muqaddas Sa’dullayeva.

**“Ayollar ortiqcha rashki sabab noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishadi”**

— Ayollar noto‘g‘ri rashk qilishlari sabab noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolishadi. Aniqrog‘i shu tufayli ko‘ngilsiz ishlar bo‘lib ketishi mumkin. So‘ng to‘g‘ri yo‘liga qaytib, u xatoni qayta qilmaslikka harakat qilishadi. Chunki bu xato yana takrorlansa, biladiki qayta to‘g‘irlanmaydi. Har doim aytganimdek, insonning vaqt o‘tsa-da, o‘zgarmaydigan ayrim xarakteri oxirigacha shunday qolishi kerak, deydi aktyor.

**“Nazoratsiz qolgan, zerikkan ayol erining ishlariga halal beradi”**

— Ayol kishini o‘z holiga qo‘yib qo‘yilsa, bilganini qiladi. Masalan, erining ishiga halal berishi, uni me’yordan ortiq rashk qilishi — bularning hammasi nazoratsiz qolib ketgan, zerikkan ayollardan chiqadi. Ularni kerakli ishlar bilan band qilish kerak. Chunki ayol kishini biron bir narsa bilan chalg‘itilmasa, energiyalari yig‘ilib-yig‘ilib, oxiri atom bombasi kabi portlashi mumkin, deydi Yigitali.

**“Baxtimizni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatmaslikka harakat qilamiz”**

— Imkon qadar baxtimizni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatmaslikka harakat qilamiz. Avvaliga biroz tushunmovchiliklar bo‘lgan bo‘lsa ham, Xudoga shukr, o‘tib ketdi, hozirda baxtlimiz, deydi Yigitali Mamajonov.

**“Hozir turmush o‘rtog‘imga 100 foiz ishonaman”**

— Hozirgi kunda turmush o‘rtog‘imga 100 foiz ishonaman. Shuning uchun telefonlariga umuman qaramayman. Avvallari ham telefonlarini tekshirishga harakat qilib ham ko‘rmaganman. Bu narsaga qarshiman, deydi Muqaddas Sa’dullayeva.

**“Uzoq yillik sevgi yo‘q, oila bor”**

— Oilaning sir-sinoati uzoq yillik sevgi-muhabbatda emas, bir-birini tushunib, kelishishda, gaplashishda, eshitishda. Bir-birini tinglab, tushunishi asosiy o‘rinda turadi. Bu degani yangi oilalar “bir-birimizni tushunsak bo‘ldi, hammasi yaxshi bo‘lib ketar ekan”, degani emas. Ba’zida tushunmovchiliklar ham bo‘lib turadi, albatta. Hozir ham ayolim bilan bir-birimizni oxirigacha tushunolmaymiz. Hammasi uchun vaqt kerak, deydi Yigitali Mamajonov.

**“Farzandlarga gen asosan onadan o‘tadi”**

— Ilmli odam bilan oila qursangiz, tushuntirgan narsangizni tez tushunadi. Tushunmaydigan ayol bo‘lsa, u bilan yashash qiyin bo‘ladi. Chunki unga uqtirish qiyin. Bir marta harakat qilasiz, ikki marta, uch marta urinib ko‘rasiz, tushunmagandan keyin bilmayman, nima qilish kerak. Farzandlarga gen asosan onadan o‘tadi. Shuning uchun aqlli va dono ayolni tanlash kerak. Chunki ertaga farzandlaringiz ham rafiqangiz kabi fikrlaydigan bo‘ladi, deydi aktyor.

**“Rahmatli pochcham ota-onamni xo‘jayinimdan qizg‘anardi”**

— Ota-onamga hayotimizda bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqealarning hech birini bildirmaganmiz. Har doim yaxshi tomonlarini ko‘rsatib kelganmiz. Shuning uchun turmush o‘rtog‘imni juda qattiq yaxshi ko‘rishardi. Hattoki oxirgi paytlar rahmatli pochcham Fathulla Mas’udov ota-onamni xo‘jayinimdan rashk qiladigan bo‘lib qolgandi. “Mendan ko‘ra ko‘proq Yigitalini yaxshi ko‘ryapsizlarmi?”, deb ochiqchasiga aytardilar, deydi Muqaddas Sa’dullayeva.

**“Turmush o‘rtog‘imning fe’li otamga o‘xshaydi”**

— Xo‘jayinim odamlarning xafa bo‘lib qolishini o‘ylamay haqiqatni to‘g‘ri gapiradilar. Mana shu jihat rahmatli dadamda ham bo‘lgan. Oyim dadamning ortidan u kishi xafa qilgan odamlardan hol so‘rab yurardilar. Ba’zida kommentlarda “Turmush o‘rtog‘ingiz dadangizga o‘xshamaydi, ular boshqacha inson edi”, deyishadi. Ularga “Sizlar qayerdan bilasizlar, dadam bilan men yashaganman-ku”, degim keladi, deydi Muqaddas Sa’dullayeva.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.