Gavhar Zokirova: “Jamshid akam bilan turmush qurishimizda Avloniyning avlodi ekanim qo‘l kelgan”

Gavhar Zokirova: “Jamshid akam bilan turmush qurishimizda Avloniyning avlodi ekanim qo‘l kelgan”
O‘zbekiston xalq artisti, aktrisa Gavhar Zokirova “Mening yurtim” telekanalining “O‘zimizning gap” ko‘rsatuvida mehmon bo‘ldi. Suhbat chog‘ida u Abdulla Avloniyning avlodi ekani turmush qurishida muhim ahamiyat kasb etgani, kelinlik sarposida qimmatbaho buyumlar o‘rniga kitoblar bo‘lgani hamda Avloniyning rafiqasi bilan shaxsan tanish bo‘lgani haqida so‘zlab berdi.
“Jamshid aka bilan turmush qurishimizda Avloniy avlodi ekanim yordam bergan”
— Turmush o‘rtog‘im Jamshid Zokirov bilan oila qurishimizda bobom Abdulla Avloniy nomining o‘ziga yarasha hissasi bo‘lgan. Jamshid aka bilan turmush qurishga ahd qilganimizdan keyin ilk bor onasiga bu haqda aytganida, qaynonamga yoqmagan ekanman. Suratimni ko‘rib, meni o‘zbek emas deb o‘ylagani sababli to‘yga qarshilik qilgan ekan. Shunda Jamshid aka “bu qiz — Abdulla Avloniyning evarasi”, degan.
Hayotda hech narsa shunchaki bo‘lmaydi, hamma narsaning o‘z o‘rni bor. Aynan shu kuni qaynotamning qarindoshlari ularnikiga mehmonga kelgan bo‘lgan. Avloniyning evarasi ekanimni bilishganidan so‘ng hayron qolishgan. Jamshid akaning ammasi qaynonamga “shu qizni kelin qilmasangiz, kimni kelin qilasiz?”, degan ekan. So‘ng qaynonam o‘ylanib qolib, rozilik bergan. Qaynonam juda shartaki ayol bo‘lgan.
Keyinchalik ham butun umrim davomida bobomning nomi hayotim bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib keldi.
“Sepimda qimmat idishlar emas, kitoblarni yuborganman”
— Sepimda kitoblarimni yuborganman. Qaynonam va uning yana bir qarindoshi buni ko‘rib “qizning onasi erinmagan ayol ekan. Qiziga shuncha idish-tovoqlarni yig‘ib qo‘yibdi. Zo‘rlaridan bo‘lsa kerak”, degan. Borib, sekin qutilarni ochib ko‘rib, “voy, sho‘rim qursin, hammasida kitob ekan”, degan.
Biz akam bilan Ernest Hemingueyning asarlari, kitoblarini, suratini yig‘ishni yaxshi ko‘rardik. Bolalar katta portret ko‘tarib kelishayotganda qaynonam Hemingueyning suratini ko‘rib, “Voy-bo‘, Avloniyni qarang, soqollari uzun, nuroniy kishi bo‘lgan ekan”, degan ekan.
“Avloniyning ayolini ko‘rganman”
— Aslida oilamizda Avloniy haqida ko‘p gapirilmas edi. Bo‘lmasa, Avloniyning rafiqasi Salomat buvini institutni tugatgunimga qadar ko‘rib, u kishi bilan suhbatda bo‘lganman. Buvining oldiga Jamshid akamni ham olib borganman.
“Buyuk erkakning ortida buyuk ayoli turadi”, degan gap bekorga aytilmagan ekan. Abdulla Avloniy 1934-yilda olamdan o‘tganidan so‘ng professor Begali Qosimov bobomning xonadoniga kelib, Avloniyning birinchi kitobini arabchadan kirillchaga o‘girib, soatlab o‘tirib yozardi. Salomat buvi kitobning birorta varag‘ini ham u kishiga olib ketib, yozib kelish uchun berib yubormas edi. Begali Qosimov uch yil davomida Salomat buvining xonadoniga qatnab, kitobni kirillchaga o‘girgan ekan. Buvim qatag‘on yillarida, 1934-yildan to 1966-yilgacha bobomning hamma kitoblarini chordoqda berkitib saqlab kelgan. Shu sababli Cho‘lpon, Qodiriyning kitoblarini yoqib yuborishgan paytda bobomning deyarli barcha kitoblari saqlab qolingan, deydi Gavhar Zokirova.

