V «Zakovat-Gambit» turniri g‘oliblari 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun kurashmoqda
Poytaxtimizda rekord darajadagi 5 831 nafar shaxmatchini o‘zida jamlagan V «Zakovat-Gambit» turnirining hal qiluvchi final

V «Zakovat-Gambit» turniri g‘oliblari 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun bellashmoqda
Bu yilgi musobaqa yanada kengroq qamrovga ega bo‘lishi va barcha shaxmat ixlosmandlariga imkon yaratish maqsadida ilk bor ikki xil saralash tizimi yo‘lga qo‘yildi: avval respublikaning barcha 14 hududida yuzma-yuz bahslar o‘tkazildi, keyin esa onlayn platformada qo‘shimcha saralash o‘yinlari tashkil etildi.
«Zakovat arena» binosida bo‘lib o‘tayotgan final uchrashuvlarida ishtirokchilar o‘z darajalariga qarab beshta guruhga ajratilgan holda jami 620 million so‘mlik sovrin jamg‘armasi uchun o‘zaro dona surmoqda. Har bir guruhda g‘olib bo‘lganlarga 50 million, ikkinchi o‘ringa 30 million, uchinchi o‘ringa hamda ayollar orasidagi eng kuchli ishtirokchiga esa 20 million so‘mdan pul mukofotlari berilishi belgilangan.
Shuningdek, musobaqaning eng yosh qatnashchisi bo‘lgan 8 yoshli Mustafo Po‘latov va eng yoshi ulug‘ ishtirokchi 63 yoshli grossmeyster Toir Vohidovning har biriga 10 million so‘mdan maxsus mukofot topshiriladi. Turnirning yana bir diqqatga sazovor jihati shundaki, unda Jahongir Vohidov, Afruza Hamdamova va Umida Omonova kabi terma jamoamizning mashhur a’zolari ham qatnashmoqda.
Nufuzli mehmonlar sifatida taklif etilgan jahon shaxmati yulduzlari — grossmeysterlar Peter Leko va Hampi Koneru yosh sportchilarimizga qarshi seans o‘yinlari o‘tkazib, mamlakatimizda shaxmat juda tez rivojlanayotgani hamda yoshlarning ko‘zidagi ishtiyoq ularda kuchli taassurot qoldirganini alohida ta’kidlashdi.
Barcha guruhlardagi yakuniy g‘oliblarni taqdirlash marosimi 30 oktyabr kuni «O‘zbekfilm» pavilonida tantanali ravishda o‘tkaziladi.

