Javohir Sindorov 1 mln dollarlik xalqaro musobaqada qatnashadi

Javohir Sindorov 1 million dollarlik xalqaro shaxmat musobaqasida qatnashadi.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Hindistonning Bangalor shahrida bo‘lib o‘tadigan Global Chess League musobaqasining to‘rtinchi mavsumida ishtirok etadi. Bu safar Sindorov ilk bor "Icon" maqomida, ya’ni FYERS American Gambits jamoasining yetakchi shaxmatchisi sifatida o‘yin olib boradi.
Musobaqada jahon shaxmatining yetakchi vakillari ham qatnashadi. Xususan, ko‘p karra Jahon chempioni Magnus Karlsen, hindistonlik Vishvanatan Anand hamda Alireza Firuzja kabi kuchli grossmeysterlar turnir ishtirokchilari qatoridan joy olgan.
Ushbu turnir Sindorov uchun yaqinlashib kelayotgan muhim musobaqalarga tayyorgarlik jarayonining bir qismi bo‘ladi. O‘zbekistonlik shaxmatchi Samarqandda o‘tkaziladigan Shaxmat Olimpiadasi hamda Jahon chempionligi uchun bahs oldidan xalqaro darajadagi kuchli raqiblarga qarshi tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilda Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million dollarni tashkil etadi. Uning yarmi — 500 ming dollar — jamoaning yakuniy o‘rniga qarab taqsimlanadi: chempion 250 ming, kumush medal sohibi 125 ming, uchinchi o‘rindagi jamoa 75 ming, to‘rtinchi o‘rindagi jamoa 50 ming dollar oladi.
Yana 450 ming dollar barcha jamoalar o‘rtasida butun turnir davomida to‘plagan o‘yin ochkolari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Qo‘shimcha 50 ming dollarni liga g‘olibi oladi. Shu tariqa mukofot puli miqdori nafaqat yakuniy o‘ringa, balki har bir alohida partiya natijasiga ham bog‘liq. Turnir 3-sentyabrdan 13-sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi.

