Ukrainada don toʻplanib qolmoqda: Polsha va Ruminiya yordamni rad etdi
Ukraina Rossiyaning portlar va kemalarga hujumlari ortidan don eksportini Yevropa orqali koʻpaytirishga urinmoqda. Biroq Polsha va Ruminiya tranzitni kengaytirishga yordam berish niyatida emas. Kiyev ogohlantirishicha, mahsulotini sota olmayotgan fermerlarda keyingi mavsum uchun ekin ekishga mablagʻ qolmayapti.

Ukrainada don zaxiralari to‘planib qolmoqda: Polsha va Ruminiya yordam berishdan bosh tortdi
DW nashri Politico ma’lumotlariga tayangan holda yozishicha, Ukrainadan millionlab tonna donni eksportga chiqarishga ko‘maklashish hamda oshgan transport xarajatlarini qoplash uchun 1,1 mlrd yevro kerak.
Rossiya qo‘shinlarining portlar va kemalarga uzluksiz hujumlari sabab Qora dengiz orqali tashuvlar amalda qamal holatiga tushib qolgani aytilmoqda. Shu bois Kiyev Yevropa Ittifoqi hududidan o‘tuvchi muqobil yo‘nalishlar imkoniyatlarini kengaytirishni so‘ramoqda.
Ukraina agrar siyosat va oziq-ovqat vaziri Taras Visotskiy Bryusselga safari chog‘ida bu masalani yevropalik hamkasblari bilan muhokama qilgan. U vaziyatni nihoyatda jiddiy deb baholagan.
Ammo tranzit hajmini oshirish uchun eng katta infratuzilma imkoniyatlariga ega ikki davlat — Polsha va Ruminiya — qo‘shimcha choralar ko‘rishga tayyor emasligini bildirgan.
Ruminiya Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat fermerlarining manfaatlari ustuvor bo‘lib qolishini ta’kidlagan. Buxarestga ko‘ra, Ukraina donining ko‘pligi va Dunaydagi suv sathining pastligi portlarga ortiqcha yuklama tushirmoqda. Bu esa ruminiyalik fermerlarning o‘z mahsulotlarini sotishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Polsha Infratuzilma vazirligi ham Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tranzitini ko‘paytirishga qaratilgan o‘zgartishlar kiritishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgan.
Visotskiyning aytishicha, Ukrainada yig‘ib olingan don va moyli ekinlar mahsulotlari to‘planib qolmoqda. Ularni sota olmayotgan fermerlarda kelasi yilgi hosil uchun kuzgi ekish ishlarini moliyalashtirish imkoniyati kamaymoqda.
Vazir vaziyat bahorgacha o‘zgarmasa, ekin maydonlari 35–40 foizgacha qisqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Yevropa orqali o‘tuvchi temiryo‘l, avtomobil va daryo yo‘nalishlari hozir Ukraina eksportining yarmidan kamini tashishga qodir. Qamal saqlanib qolsa, yil davomida mamlakatda 35 mln tonnagacha yuk chiqarilmay qolishi mumkin.
Kiyev Yevropa komissiyasidan 22 mln tonnagacha agrar mahsulotni YEI hududi orqali tashishdagi qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun 1,1 mlrd yevro so‘ragan. Ukraina tomonining hisob-kitobiga ko‘ra, muqobil yo‘nalishlar har bir tonna mahsulot uchun logistika xarajatlarini 50 yevrogacha oshirishi mumkin.
Ukraina “birdamlik yo‘laklari” deb ataluvchi muqobil eksport marshrutlarini qo‘shni davlatlardan tashqariga ham kengaytirishni taklif qilmoqda. Jumladan, mahsulotlarni Germaniya va Niderlandiya portlari orqali jo‘natish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Biroq uzoqroq yo‘llar yetkazib berishni qimmatlashtiradi va fermerlar uchun katta zarar keltirishi mumkin.

