Dunyo

Ukraina Rossiyaga Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi — Reuters

Ukraina Rossiyaga Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi — Reuters

Ukraina Rossiyaga Qora dengizdagi fuqarolik obyektlariga hujumlarni to‘xtatish taklifini yubordi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Reuters agentligiga ma’lum qildi.

Ikkala mamlakat ham kemalar va portlarga berilayotgan zarbalar sabab global oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid kuchayganidan ogohlantirmoqda. Hujumlarni to‘xtatish haqidagi taklif Kiyev tomonidan uchinchi tomon orqali yetkazilgan. Ukraina haligacha javob kutmoqda.

Jahon qishloq xo‘jaligi bozorida muhim o‘rin tutuvchi Rossiya va Ukraina bir-birini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashiyotgan kemalarga hujumlarni ko‘paytirganlikda ayblamoqda.

Rossiyaning xorijiy bayroq ostidagi o‘nlab kemalar va port infratuzilmasiga bergan zarbalari sabab ko‘plab kema egalari Odesa viloyatidagi portlarga kirishni to‘xtatdi. Odesa g‘alla eksporti uchun asosiy markaz hisoblanadi. Shu sababli Kiyev muqobil yuk tashish yo‘nalishlaridan foydalanishga majbur bo‘ldi.

Rossiya bu masalada ochiq izoh berganicha yo‘q. Ushbu xabardan oldin Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Aleksandr Grushko Moskva Qora dengizda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rasmiy taklif olmaganini aytgan edi.

“So‘nggi paytlarda turli xil moratoriylar va sulhlar haqida chaqiriqlarni ko‘p eshityapmiz. Bu g‘oyalar turli kanallar orqali ilgari surilmoqda. Lekin biz hech qanday rasmiy taklif olmadik”, degan u TASS davlat axborot agentligiga.

Ukrainaning taklifi haqidagi Reuters xabaridan so‘ng Euronext birjasida bug‘doy fyucherslari narxi keskin ko‘tarilishdan keyin qayta pasaydi. 8-avgust kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Rossiya va Ukrainaga Qora dengizdagi hujumlarga moratoriy e’lon qilish bo‘yicha taklif yetkazilganini aytgandi.

Rossiyaning Odesa viloyatidagi Ukraina portlarini amalda qamal qilishi avgust oyida ukrain g‘allasi eksportini 2025-yilning mos davriga nisbatan 76 foizga kamaytirib yubordi. Qishloq xo‘jaligi sektori vakillari bu holat davom etsa, iqtisodiyot uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirmoqda. Avvalroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘qnashuvlar sabab Turkiya Qora dengizda kemalar harakatini cheklagani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.